Sizni yakkalatmaymiz…

Date:

Saltanat aya 62 yoshga yetguncha turmush o‘rtog‘i bilan 5 farzandni tarbiyalab, katta qildi. Bolalari tug‘ilgach, o‘zi uchun yashamadi. Hammasini uyli-joyli qilib, o‘zidan tinchib, elga qo‘shgunicha ne-ne sinovlarni, qiyinchiliklarni boshidan kechirmadi, deysiz. Ham ro‘zg‘or, ham bolalar tarbiyasi, ham dala ishida umri o‘tdi, ammo nolimadi, boriga shukr qilib yashadi.

Endi bolalarimdan tinchidim, oyoq uzatib nabiralarimni suyib, keksalik gashtini suraman deb o‘ylagandi, kutilmaganda eri Norbo‘taning yangi nag‘malari chiqa boshladi. Shuncha yillik umr yo‘ldoshining hurmatini, shu yoshga yetganda yer bilan bitta qildi. Nimamish, Saltanat aya endi qarib qolgan, undan ko‘ngli qolganmish. Qo‘shni qishloqdagi bir juvonni yoqtirib qolib, kunda u bilan telefonlashadigan odat chiqardi. Avvaliga yashirincha bo‘lgan suhbatlar, keyin ochiq-oshkora o‘ldim-kuydimlarga aylandi. O‘sha juvon ko‘ziga juda yaxshi ko‘rinib ketganidan Norbo‘ta xotinini kamsitishga, so‘ng kaltaklashga ham o‘tdi. Oltmishdan oshib, shunday malomatga qolaman deb o‘ylamagan Saltanat ayaning kuni bir tutam bo‘lib qoldi. Oilaning yo‘q joydan tinchligi buzildi.

Bundan xabar topgan mahalla profilaktika inspektori hamda Oltinsoy tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, mayor Nazira Bobonazarova xonadondagi vaziyatni o‘rganishga kirishdi. Yaqinda boshqa tumandagi 65 yashar ayolning shunday tazyiqlar natijasida o‘z joniga qasd qilganini eshitgan N.Bobonazarova Saltanat ayaga himoya orderi orqali turmush o‘rtog‘ining tazyiqlaridan himoyalanishiga ko‘maklashdi. «Axir bolalarim o‘zidan tinchigan bo‘lsa, menga yashashning keragi yo‘q», deya yana bir mudhish xatoga qo‘l urinishining oldini oldi. Ayaning turmush o‘rtog‘iga esa yana shu tarzdagi tazyiqlar davom etadigan bo‘lsa, qonuniy chora ko‘rilishini yaxshilab uqtirdi.

— Afsuski, bunday holatlar yosh oilalarda emas, mana shu kabi yoshi kattalar orasida ham kuzatilayotgani achinarli, — deydi mayor Nazira Bobonazarova. — Bular qadriyatlarni mensimaslik, ba’zan esa to‘qlikka sho‘xlik oqibatida kelib chiqayotgani kishini o‘ylantiradi. Biroq, bugun xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni turli psixolgik bosim va zo‘ravonliklardan himoya qilish vazifamiz ekan, imkon qadar uni uddalashga harakat qilayapmiz. Shu yilning o‘zida bunday vaziyatda qolgan 149 nafar ayolga himoya orderi berildi.

Oltinsoy tumanida yashaydigan 180 155 nafar aholining 89 924 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. 54 ta mahalladagi profilaktika inspektorlari esa ushbu qatlam vakillari bilan profilaktik suhbat olib borish, muammolariga yechim topish uchun yaqindan ko‘mak berib kelishmoqda. Natijada, bu yil o‘tgan yilgiga nisbatan xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik kamayishiga erishildi.

Joriy yil boshidan beri tumanda 65 ta sha’riy nikoh holatlari aniqlangan bo‘lsa, shundan 30 ta nikoh rasmiylashtirildi. 19 nafar og‘ir turmush sharoitida yashayotgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning ro‘yxati tasdiqlanib, uy-joyning boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berildi. Shu bilan birga ularga ekin-tikin qilib, daromad olishlari uchun 20 sotixdan yer ham berildi. Ushbu ezgu tashabbusda xotin-qizlar bo‘yicha inspektorning ham hissasi katta.

—Hozirda mahalla profilaktika inspektorlari uchun haftada bir kun xotin-qizlarni himoya qilish bo‘yicha qanday huquqiy me’yorlar va kafolatlar borligi bo‘yicha ham dars mashg‘ulotlari o‘tkazyapmiz, — deydi Nazira Bobonazarova. — Shuningdek, har-bir xonadonga borilganida davlatimiz tomonidan chiqarilayotgan qonun-qarorlar bo‘yicha huquqiy tushunchalar ham berib o‘tamizki, ayollarimiz o‘z haq-huquqini tanisin, bilsin deb. Albatta, bu harakatlarimiz ozmi-ko‘pmi natija berayotganini ularning ishlash, tadbirkorlik qilish istagini bildirib, jamiyatda faollashishayotganidan ham bilish mumkin.

Feruza Rahmonqulova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Tadbirkor qizlar” biznes marafoni start oldi

Xotin-qizlarni biznesga qiziqtirish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun yetarlicha...

Yangi imkoniyatlar…

Surxondaryo viloyatida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati jamiyat hayotining deyarli...

Surxondaryo delegatsiyasi Tojikistonda

Yurtimiz Mustaqilligining 33 yillik shodiyonalari hali tugagagni yo‘q. xalqimiz...

«Qo‘mondonlik kubogi» musobaqasida

Sport birdamlikka, sport jismoniy chiniqish-u muvaffaqiyatga boshlaydi. Yoshlarimizni sportga...
KunTun
KunTun