O‘quv yili tamomlanishiga ham muddat oz qoldi. Har bir sinf bitiruvchilarini tashvishga soladigani yakuniy imtihonlar ham boshlanadi. G‘alvir suvdan ko‘tarilib, yil davomida olingan bilimlar sinovdan o‘tkaziladi. Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining ma’lumotlariga qaraganda joriy yilda Xalq ta’limi vazirining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning yakuniy nazorat imtihonlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan umumta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlari 2022-yil 25-may kuni tugaydi va 9- va 11-sinf o‘quvchilarini yakuniy nazorat imtihonlari 26-maydan 15-iyunga qadar o‘tkaziladi.
2021-2022 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 9- va 11-sinf bitiruvchilari belgilangan fanlar bo‘yicha yakuniy nazorat imtihonlarini topshiradilar. Bunda tanlov har bir o‘quvchining ixtiyoriga ko‘ra 9-, 11-sinfda o‘qitilgan fanlar doirasida tanlanadi va yakuniy davlat imtihoni o‘tkazilishidan bir oy oldin o‘quvchining arizasiga asosan amalga oshiriladi.
Variativ o‘quv rejalari joriy etilgan sinflarda ta’lim oladigan o‘quvchilar ham tanlov fanlaridan birini yakuniy davlat imtihoni o‘tkazilishidan bir oy oldin ariza asosida tanlashadi.
O‘quvchilar tomonidan tanlangan fanlar bo‘yicha ta’lim tilini inobatga olgan holda tanlangan o‘quv fanidan yakuniy nazorat imtihonini o‘tkazish haqida umumiy o‘rta ta’lim muassasasining Pedagogika kengashi qaror qabul qiladi. Shuningdek, bayram munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlarini inobatga olgan holda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinf o‘quvchilari uchun “Jismoniy tarbiya” fanidan yakuniy nazorat imtihonlari joriy yilning 2-7 may sanalaridan 11-14 may kunlariga ko‘chiriladi.
Davlat test markazi tomonidan beriladigan umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risida davlat sertifikatga ega hamda chet tili fani bo‘yicha V1 va undan yuqori V2, S1, S2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar tegishli fandan hamda chet tili fanidan maktab pedagogika kengashining qarori asosida yakuniy nazorat imtihonlaridan ozod etiladi. Faqat bu yuzasidan o‘quvchi 10 kun oldin ishchi guruhga sertifikatlar nusxalarini taqdim etishlari lozim.
Joriy o‘quv yili yakunida 5-6-7-8 hamda 10-sinflarning bosqichli imtihonlari bo‘lmaydi, ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalari va maktab-internatlarida esa bosqichli imtihonlar ularning ichki nizomlariga muvofiq ixtisoslashuv fanlari doirasida amalga oshiriladi.
Manbalar asosida H.Baxtiyorova tayyorladi