Boysunda bahor o‘zgacha, yashillikka burkanib yotgan kengliklar, mayin shabada ko‘ngilga ajib hislar tashrifi bilan hush yoqadi. Samolarga tutashib ketgan tog‘lar tomoshasidan ko‘z quvonadi. Buyog‘i “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga ulanib ketsa bormi, mahalliy aholi ham tomoshadan qolmay deb, Padang kengliklariga oshiqadi. Taassurotlar hayajonini bir yodga solaylik, sanog‘ini sanashda adashadigan o‘tovlar, polvonlarning “Yo pirim” hayqirig‘i ostida raqibini bir ko‘tarib, yerga urayotgani-yu, zot ayirish uchun ot chotirib ketayotgan chobag‘onlarning ovozlari qulog‘ingizga eshitilib ketadi. Yana chanqovuzning ovoziga sel bo‘lganingiz, nog‘oraning o‘ynoqi ohangi taningizni yayratgani… milliy ko‘rgazmadagi namoyishlar, milliy libosdagi yosh-yalanglarning aytimlari-yu yallalari zavq-u shavqingizni oshirgani… Ha-ha, “Boysun bahori” ana shunday o‘tadi. Kelganlar darmonda-yu, kelmaganlar armonda qoladigan festival.
Har yilgisi har biridan o‘zgacha ruhda o‘tadigan festival kunlariga ham fursat oz. Tayyorgarlik esa avjida. Jarayon bilan tanishish maqsadida Boysun tumanining Padang kengliklariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirning o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov tashrif buyurgani mas’uliyatni yanada oshirdi.
Festival o‘tkaziladigan asosiy sahnada tajribali senarist va rejissyorlar, baletmeystrlar, sahna rassomlari va dizaynerlar, ijodiy jamoalar takliflarini o‘zida mujassam etgan tadbir loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, aloqador boshqarma boshliqlari hamda tuman mas’ullari ishtirok etdi.
“Boysun bahori”ning ochilish marosimidan tortib, ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalari, dekorativ sahnalar, taniqli san’atkorlar hamda folklor jamoalarining chiqishlarigacha reja qilindi. E’tiborlisi, festival bo‘ladigan ushbu adirliklarda 100 dan ziyod o‘tov o‘rnatilib, milliy urf-odat va qadriyatlarimiz namoyish etiladi.
S.Normurodova