Xabaringiz bor, budjet mablag‘larining bir qismi fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, eng ko‘p ovoz olgan loyihalarni moliyalashtirishga sarf etiladi. Unda loyiha bilan ishtirok etish va yutish chinakamiga omad demakdir.
Ko‘plar qatori sariosiyoliklar ham bir qator loyihalari bilan ishtirok etib, “Tashabbusli budjet”da omadini-da, loyihalarini sinab ko‘rishdi. Loyihasining 2022-yildagi 1-mavsumi g‘oliblari aniqlandi. Unga ko‘ra, tumandagi mas’ullar tomonidan taklif etilgan 9 ta loyiha g‘olib deb topildi.
Endilikda “Tashabbusli budjet” mablao‘lari tufayli tumandagi 2-, 4-, 62-, 52-, 25-umumta’lim maktablari, “Yoqutli bog‘” hamda “Turmushobod” mahalla fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, 29-maktabgacha ta’lim muassasasi, Guliston qishloq vrachlik punkti mutasaddilari ilgari surgan takliflar maqullanib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ushbu takliflarning aksariyatini maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil qilgan. Unga ko‘ra, ushbu dargohlarning o‘quv sharoitini yaxshilash bo‘yicha maktab jihozlari xarid qilish, qo‘shimcha bino qurish, mavjud binolarni ta’mirlash kabi bir qator muammolariga “Tashabbusli budjet” loyihasi orqali yechim topiladi.
Qolaversa, Prezidentimiz tomonidan imzolangan qarorga muvofiq, 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan loyihalar ham budjet mablao‘lari orqali moliyalashtirilishi belgilangan bo‘lib, “Turmushobod” mahalla fuqarolar yig‘inlarining ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha bergan takliflari ham 2 mingdan ortiq ovoz bilan g‘olib deb topildi.
Shuningdek, “Ochiq budjet” axborot portalida “Mening yo‘lim” loyihasi ishga tushirilgan bo‘lib, endilikda hududlar budjet parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni taʼmirlash uchun ajratilgan mablag‘larning kamida 50 foizini “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni taʼmirlash uchun yo‘naltirish imkoniyati ham yaratildi.
Haqgo‘y