Faoliyatim yuzasidan turli hududlarda bo‘laman, aholi yashash manzillari, yo‘llarni kuzataman. Ba’zi bir holatlarni ko‘rib, ko‘zim quvnasa, ba’zan ko‘nglim xira tortadi. Kunlardan bir kun olis tumanga xizmat safari bilan bordim. Yo‘l ta’mirlanishi jarayonining ustidan chiqib qoldim.
Avvaliga xursand bo‘ldim. Eskitdan qurilgan, ammo anchayin ta’mirtalab yo‘lni baraka topgurlar qayta ta’mirlashayapti, deya. Biroz kuzata tursam, qo‘liga belkurak ushlagan yo‘lsozlar yuk mashinalaridan to‘kilayotgan asfalt qorishmani yo‘lning u yer bu yeridagi chuqur joylarga otishib, ustidan bir-bir urib qo‘yishayapti…
Vaziyatdan anchayin sergaklandim. Jurnalistligimga bordimda, ishni oxirigacha kuzatdim. Bir soatlar o‘tdi chamasi yo‘lsozlar ishni bitirishdi. Aslida yo‘lsozlar yo‘lni qayta ta’mirlashmadi, balki “yamashdi”.
Serqatnov ko‘cha emasmi, bir-ikki avtomobil o‘sha “yamalgan” yo‘ldan o‘tib-qaytdiyu, boyagi asfalt “yamoq”lar yo‘l yuzalariga sachrab, qilingan ishdan asar ham qolmadi. Buyam yo‘l sozlashning bir usuli bo‘lsa kerak-da. Balki men uncha tushunmagandirman. Baribir ular sohani yaxshi biladi. Mutaxassis mutaxassisda. Bir narsani bilmasa shunday qilishmasa keraga?
Osiyo taraqqiyot banki viloyatimizdan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlashga kredit ajratmoqda. Kechagina e’lon qilingan ushbu xabar ko‘plab avtomobil haydovchilarini quvontirgan bo‘lsa ne ajab. Ko‘plar qatori bu xushxabar meni ham quvontirdi. Chunki men ko‘rgan yo‘llar tag‘in qayta ta’mirlanadi.
Yo‘l nosoz, o‘ydim-chuqurlarga to‘la bo‘lsa, avtomobil haydovchilariga ham yo‘lovchilarga ham bu holat noqulaylik tug‘diradi albatta. Ayniqsa, hududlar aro asosiy yo‘llarda mana shu kabi holat bo‘lsa, manzilga yetguncha, ta’bingiz tirriq bo‘lish tugul, xunobingiz oshishi tayin.
Yo‘l qurgan, ko‘prik sozlaganning savobi katta deyishadi, dono xalqimiz. Ushbu nasibadan bahra olay degan tashabbus bilan vohamizni qo‘llayotgan Osiyo taraqqiyot banki viloyatimizdan o‘tuvchi 111 kilometrlik avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun 183,8 mln dollar miqdorida kredit mablag‘larini ajratadi
Ushbu kredit mablag‘lari “4P105 “Darband – Boysun – Elbayon” avtomobil yo‘lining 5-7 km va “4P100 “Manguzar – Jaraqo‘rg‘on – Bandixon – Oltinsoy – Denov” avtomobil yo‘lining 128-174 km qismlarini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirishga sarflanadi.
Loyihani amalga oshirish muddati 6 yil (4 yil imtiyozli davrini inobatga olgan holda 2022-2027 yillar) etib belgilandi.
Endi yo‘llarimiz anchayin ravonlashsa keraga?
A.Safarova