Savobli ish yana bittaga ko‘paydi

Date:

Darsda o‘qilayotgan ma’ruzani barcha tinglagan ko‘yi yozib olish bilan band. Shu jarayonda qandaydir sekin, ammo ohang bilan taq-taq ovozi eshitilib turadi. Hech kim e’tibor bermaydi, hatto o‘qituvchi ham. Auditoriyaga kelgan begonagina tovush kelayotgan tomonni qidiradi. Oxirgi qatorlardan birida ko‘zi ojiz talaba qiz maxsus daftarda ayni shunday yozib olayotgan bo‘ladi. Ha, u nuqsoni sabab uyida qamalib olmagan, tushkunlikka ham tushmagan. Hamma bilan bir qatorda oliy ta’limda saboq olyapti.

Afsuski, hammada ham imkoniyatlar bir xilda emas. Kimnidir to‘rt muchasi sog‘, kimdir aravaga mixlangan, yana kimdir eshita, gapira olmaydi. Ko‘zi ojizlar ham oramizda. Ammo, hamma o‘qishni, kasb-hunar o‘rganishni istaydi. Maqsad oilaga, jamiyatga, Vatanga kerakli inson bo‘lish. Inson qadri ulug‘lanayotgan bir davrda ijtimoiy himoya masalasi ham e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Buni birgina viloyatimizda faoliyat yuritayotgan muruvvat uylari, maktab-internatlari va ularda yaratilgan shart-sharoitlar, ko‘rsatilayotgan xizmat, ta’lim-tarbiya jarayonlaridan ko‘rish, bilish, payqash mumkin. Angor tumanidagi qiymati 14 milliard so‘mni tashkil etadigan viloyat ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatining qurilib, foydalanishga topshirilgani ana shunday ko‘makning amaliy ifodasi deyish mumkin.

Mazkur maktab-internatining ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar muassasada o‘quvchilar uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar haqida to‘lqinlanib so‘zladilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, maktab-internati tarkibida 180 o‘rinli o‘quv binosi, 150 o‘rinli oshxona, 150 o‘rinli yotoqxona hamda tibbiy ko‘rik xonasi xalqaro andozalar asosida qurilgan, jihozlangan. Maxsus tutqichlar ko‘zi ojiz bolalar bemalol harakatlanishlari uchun yanada qulaylik yaratadi.

Ko‘zlari ojiz bo‘lsa-da, eshitish qobiliyati yuqori bo‘lgan o‘g‘il-qizlar uchun maktab maxsus elektron doskalar va ovozli kopmyuterlardan foydalanadi. Sport mashg‘ulotlarida esa ovozli koptoklar shug‘ullanishda qo‘l keladi.

O‘quvchilarga 250 nafar malakali pedagoglar ta’lim-tarbiya beradi. Ishonamiz, bu dargohdan iste’dodli san’atkorlar, sport ustalari, o‘z ishining mohirlari yetishib chiqib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega insonlar bo‘ladi.

S.Murodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Muhim masalalar “Jamoatchilik guruhi” nazoratida

Termiz shahridagi Matbuot uyida “Yuksalish” harakati viloyat hududiy bo‘linmasi...

Haftalikka start berildi

Katta hayot ostonasida turgan yoshlar oliy ma’lumot diplomiga ega...

Kerakli yordam ko‘rsatildi

Og‘ir xastaligi tufayli sho‘rchilik Sayram Qurbanova mahalladagi ijtimoiy xodim...

Javobgarlik bor…

Ekologik xavfsizlikni ta’minlash va tabiiy resurslarni muhofaza qilish har...
KunTun
KunTun