Viloyat hokimi To‘ra Bobolovning Boysun tumani yoshlar yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida faol yoshlardan biri barcha tumanlarda “Zakovat” intellektual o‘yinini tashkil etish va g‘olib jamoalarni viloyat bosqichida bellashishini tashkil etish bo‘yicha taklif bildirgan edi.
Mazkur taklif inobatga olinib, “Viloyat prokurori Sovrini” uchun “Zakovat” intellektual o‘yinining tuman (shahar) bosqichi hududlarda yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur bilimlar bellashuvining viloyat bosqichi Termiz shahrida joylashgan Yoshlar markazi binosida bo‘lib o‘tdi. Unda 15 ta tuman (shahar) mahalla yoshlari g‘olib jamoalari o‘zaro bellashdi.
“Zakovat” haqida bir so‘z
Fikrlash orqali orttirilgan bilim haqiqiy bilimdir, degan edi Lev Tolstoy. Darhaqiqat, respublikamizda 2001-yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan “zakovat” intellektual o‘yinlari ayni shu maqsadga xizmat qiladi. Ommaviy bilimdonlik yo‘nalishidagi birinchi teleo‘yin desak adashmaymiz.
“…esimda. Otam rahmatli bilan birga “Zakovat” boshlanishini intiq kutardim. Kundalik yumushlarni bir chetga surib bo‘lsa-da, shu o‘yinga vaqt ajratardik. O‘zi ko‘rinmagan boshlovchining ovozi-da bizga tanish, bizga esh edi. Sahnada bir-biri bilan bahsga kirishayotgan olti bilimdon qadrdonimizga aylanib ulgurgandi. Savollarga diqqat berib, javoblar ham qalashtirardik. Otam ko‘p bora savol yo‘llardilar. Savol o‘qib eshittirilgach munozaraga boy bo‘ladigan bir daqiqa bizni bevosita stol atrofidagi bilimdonlar bilan birlashtirardi. O‘yga toldiruvchi, mushohadaga chorlovchi, aqlni sharxlovchi mazkur o‘yinning zavqi ham gashti ham o‘zgacha edi…”
Avvalliga olti nafar bilimdon bilan tashkil etilgan intellektual o‘yin bugun ommaviy-ma’rifiy harakatga aylandi. O‘z atrofida ko‘plab bilimdonlarni, o‘yin ixlosmandlarini birlashtira oldi. Bir paytlar faqatgina teleekranga muxlislarini “mix”lagan intellektual o‘yin bugun xalq ichiga kirib bordi.
Bugungi kunda intellektual o‘yinlarni tashkil etishda, Prezidentimizning 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat” intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori dasturil amal bo‘lib xizmat qilayapti.
Mazkur hujjat iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni saralash va intellektual oʻyinlarga keng jalb qilish, ushbu oʻyinlar tashkil qilinishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, aholining intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida qabul qilindi. Qarorda Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga qoʻshimcha aniq vazifalar yuklatildi. Belgilandiki, intellektual oʻyin nafaqat yoshlar, balki aholining barcha qatlamlari oʻrtasidagi ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantiriladi.
Endilikda umumiy oʻrta taʼlim maktablari, Prezident taʼlim muassasalari, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari hamda oliy taʼlim muassasalari, shuningdek, koʻngilli jamoalar oʻrtasida tizimli ravishda oʻtkazib borish yo‘lga qo‘yildi. “Zakovat” intellektual oʻyinlarining respublika bosqichida gʻolib va sovrindor (1-3-oʻrinlar) boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim maktablari, shu jumladan, Prezident taʼlim muassasalari oʻquvchilari belgilangan tartibda – oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari hamda oliy taʼlim muassasalariga, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari – oliy taʼlim muassasalarining tegishli taʼlim yoʻnalishlariga, oliy taʼlim muassasalari talabalari – taʼlimning keyingi bosqichiga bazaviy toʻlov kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinishi belgilandi.
“Zakovat” o‘yinlarini ommaviy ravishda o‘tkazish uchun, avvalo, hududlarda shuningdek, taʼlim muassasalarida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori shakllantirib olindi. O‘yinlarni tashkil etib boruvchi professor-oʻqituvchilarga direktor jamgʻarmasi hamda oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan bir oylik mehnatga haq toʻlash fondining 50 foizi miqdorida bir martalik ustama toʻlanishi ham belgilandi.
—Ayni damda viloyatda mavjud 63 ta zakovatchilar jamoalari haftaning har yakshanba kunlari yoshi va kasbidan qatʼiy 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan bilimdonlar oʻrtasida “Surxondaryo oliy liga” oʻyinlari, haftaning har shanba kunlari esa “Surxondaryo birinchi liga” oʻyinlari o‘tkazilayapti, — deydi “Zakovat intellektual klubi” NNT Surxondaryo hududiy filiali bosh koordinatori Salohiddin Odilov. — Shuningdek, haftaning har seshanba kunlari barcha umumtaʼlim maktablarida zakovat toʻgaraklari yoʻlga qoʻyilgan.
“Zakovat” intellektual o‘yinlarining samarasini esa 2020-yilning oktyabr oyida Buxoro viloyatida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinlari “Grand final” musobaqasida vohamizning ikki jamoasi ishtirok etganida ko‘rishimiz mumkin. Bu natijaga faqatgina, mezbon Buxoro va Toshkent shaharlari bilan birgalikda viloyatimiz “Zakovat” jamoasi sazovor boʻldi.
Viloyatimizda “Zakovat” intellektual klubi 2020-yildan buyon muntazam faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, klub nafaqat Termiz shahri, balki qoʻshni tuman yoshlarini ham birlashtirib, ilmu-maʼrifatga tashna yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilib kelayotgani ahamiyatli.
“Zakovat”da ishtirok etuvchi bilimdonlar va savol yuboruvchilar ham munosib ravishda rag‘batlantirilib kelinayotgani ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otayapti. Mazkur o‘yinlarda qatnashuvchi bilimdonlarga imtiyozlar ham berilishi, yoshlarning bilim olishga, mantiqiy fikrlashga, o‘z ustida ishlashiga turtki beradi, albatta.
“Zakovat”ning bilimdonlarga ataganlari bisyor. Xususan, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab intellektual oʻyinlarning respublika bosqichida gʻolib boʻlgan oʻquvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan “Zakovat” stipendiyasi taʼsis etiladi.
2022-yildan boshlab har yili oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida Intellektual olimpiada tashkil qilib boriladi. Umumjamoa hisobida birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan oliy taʼlim muassasasiga Prezident sovgʻasi topshiriladi.
Har bir harakat ostida bevosita qandaydir manfaat yotadi. “Zakovat” ham bilimdonlarni, bilim va tajribaga ega, mantiqiy fikrlay oladigan fuqarolarni, ayniqsa, zakiy yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmga chanqoq yoshlarni yuzaga chiqarishga xizmat qilishi shubhasiz.
Adolat MO‘MINOVA