Joriy yilning yanvaridan boshlab Surxondaryo viloyatidagi 721 ta mahallada 721 nafar nomzod belgilangan tartiblar asosida tanlab olinib, ular hokim yordamchisi lavozimini bajarishga kirishdi.
Hokim yordamchilari mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, oilalar turmush farovonligini oshirish yo‘lida bor bilim va mahoratlarini safarbar etadilar. Hozir hokim yordamchilari har bir mahalladagi aholi sharoitlarini o‘rganib, asosiy drayver sohalarni aniqlamoqda. Viloyatdagi tegishli tashkilotlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 220 ta mahallada chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik, 166 ta mahallada issiqxona xo‘jaligi, 108 ta mahallada dehqonchilik, 28 ta mahallada bog‘dorchilik, ellikdan ortiq mahallada hunarmandchilik, yana shuncha mahallada baliqchilik hamda 73 ta mahallada xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlantiriladi.
Angor tumanidagi “Kayron” mahallasi vohadagi 47 ta sharoiti og‘ir va har jihatdan rivojlantirishni talab etadigan fuqarolar yig‘inlaridan biri. Bu yerda istiqomat qilayotgan 4713 nafar aholining 2135 nafari ishga yaroqli. Mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi Sherzod Yo‘lliev xatlovdan o‘tkazish maqsadida xonadonlarga kirib, oilalarning turmush sharoitini o‘rgandi va bo‘sh turgan imorati yoki molxonasida jo‘ja boqishni targ‘ib qilmoqda. U Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan 12 ming bosh jo‘ja keltirib, o‘ttizta oilaning har biriga o‘rtacha 300 boshdan 700 boshgacha tarqatdi.
Bahodir Saparov xonadonida bo‘ldik. Uy-joyidan tashqari 20 sotixli tomorqada Bahodir akaning o‘zi oilasi bilan, 2 nafar oilali o‘g‘li va 86 yoshli onasi Jo‘par momo Xo‘jamberdieva istiqomat qiladi.
— Har yili tomorqamizda sarimsoq piyoz, anor yetishtiramiz, qoramol boqamiz, — deydi katta oilaning kelini Farangiz Amirova. — Mahallamizda ish boshlagan hokim yordamchisi Sherzod Yo‘lliev xonadonimizga kelib, oilamiz sharoiti bilan tanishdi va bo‘sh turgan molxonamizda parranda boqishni taklif qildi. 700 bosh jo‘jani 45 kun boqsak, 3,5 million so‘m daromadiga ega bo‘lishimizni aytdi. Hozir qaynukalarim O‘rol, Jo‘rabek, xo‘jayinim Shavkat, qaynonam Muqaddas Tojievalar bilan jo‘ja boqayapmiz. Yetarlicha omuxta em, molxonani qizitish uchun pech va suyultirilgan gaz bilan ta’minlashgan. Veterinar vrach Shohruh Murodov har ikki kunda keladi, parrandalar holidan xabarlashadi, maslahat beradi, jo‘jalarni ukol qiladi. Uyda o‘tirib daromad topayotganimizdan mamnunmiz.
Mahalla fuqarosi Tilovmurod Xudoynazarov hokim yordamchisi turmush o‘rtog’i Sofiya Xurramova va kelini Gavhar Tojievani ishli qilganidan g‘oyat xursand. Hozir xonadonda “Ros broyler-308” zotli 316 bosh jo‘ja parvarishlanayapti. Jonivorlar qarovi namunali tashkil qilinib, har biri 3 kilogramm tosh bosadigan darajaga yetkazilsa, oila 3 million so‘m daromadli bo‘ladi.
Tashabbuskor hokim yordamchisi sayi-harakati bilan aholini parranda boqishga o‘rgatish niyatida Jizzax va Toshkent viloyatlaridan veterinar hamda mutaxassis Shohruh Murodov, Shohjahon Xudoynazarov jalb etilgan. Ular xonadonlarida parranda boqayotgan shaxslarga jonivorlarni parvarishlashning ilmiy sirlarini o‘rgatishmoqda.
— Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi parrandachilik korxonalaridan keltirgan va aholiga tarqatilgan “Ros broyler-308” zotli jo‘jalarning har biri vazni 30 gramm, narxi esa 7,5 ming so‘m. Jonivorlarni 45 kun boqib, vaznini 3 kilogramga etkazish xarajatlari 32 ming so‘mga to‘g‘ri kelayapti, — deydi Sherzod Yo’lliev. — Bozorda har kilogramm parranda go‘shtini o‘rtacha 20 ming so‘mdan sotganimizda, vazni 3 kilogramli do‘mboq jo‘jadan 60 ming so‘m daromad keladi. Demak, 45 kunda har bir jo‘jadan sarflangan xarajatimizdan tashqari sof 28 ming so‘m foyda qoladi. Jo‘jalarni poytaxtdagi korxonalarda ishlab chiqarilgan omuxta em bilan boqayapmiz. Yemni Termiz tumanidagi “Miks” korxonasidan keltirsak ham bo‘ladi. Narxi ham ming so‘m arzon. Ammo, “Miks” MChJ sexlarida tayyorlangan omuxta yem bilan boqilganda jo‘ja 45 kunda 1,8 kilogramm semiradi, Toshkentdan xarid qilinayotgan omuxta em bilan esa shu muddatda jo‘jalar 3 kilogramm go‘sht qiladi. Tadbirkorlik qilaman degan kishi har bir ishda foyda bilan ziyonni farqiga yetishi kerak.
Aytish joizki, hokim yordamchisi yil oxirigacha mahalladagi yana 120 xonadonda doimiy parranda boqilishiga erishishni rejalashtirgan. Shu maqsadda mahallaning o‘zida jo‘ja oshirishni tashkillashtirish maqsadida zamonaviy 12 ta inkubatoriya xarid qilindi. Bu inkubatoriyalarda 25 kunda 8 mingta jo‘ja ochirish imkoni mavjud va har bir jo‘janing narxi 1,5 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Holbuki aholiga tarqatilgan jo‘janing har bittasi 7,5 ming so‘mdan xarid qilinayotgandi. Iqtisod qilingan mablag‘ inkubatoriyalarni ishlatadigan ishchilarga maosh va elektr energiyasi xarajatiga sarflanadi. Muhimi, mahallaning o‘zida jo‘ja ochirilsa, 120 xonadonda parranda boqish rejasi ro‘yobga chiqadi hamda qo‘shni mahallalardagi parranda boqishga qiziquvchi talabgorlarga sog‘lom, narxi arzon jo‘ja yetkazib beriladi.
To‘rt yo‘nalish bo‘yicha ishga kirishgan hokim yordamchisi Sherzod Yo‘lliev kooperatsiya asosida erkaklar va ayollar to‘nini tikishni tashkil etish maqsadida allaqachon mahalladagi 20 nafar ayolni ishli qilishga ulguribdi.
— Hokim yordamchisi bizga tikuv mashinalari, matolar, qisqasi, kiyim –kechakning ipidan ignasigacha muhayyo qilib berdi, — deydi chevar tikuvchi Maqsuda Hayitova. — Biz tikayotgan erkak va ayollar choponi, shuningdek, boshqa kiyim –kechaklar Angor buyum bozorida aholiga sotiladi. Tikkan har bir to’n va kiyim –kechak uchun o‘rtacha 20 ming so‘m berishadi. Yaqin kunlarda safimiz yanada kengayadi.
Hokim yordamchisi qisqa fursatda mahalla ahvolini obdon o‘rganibdi va bir qator zarvorli ishlarni amalga oshirishga kirishgan. Hududda mahaliy aholi ta’biri bilan aytganda Baykal ko‘li degan suv to‘planib yotadigan katta chuqurlik bor. 85 gektardan iborat bu chuqurlik joyda aholi tomorqalari va fermer xo‘jaliklari dalasidan sizova suvlar tushayverib, ko‘l hosil bo‘lgan. Qirq yildirki, bu joy besohib. Hokim yordamchisi bu yerda 20 nafar kishini jalb qilib, zog‘ora va afrika laqqa baliqlari chavaqlarini parvarishlashni rejalashtirgan. Ayni paytda ko‘l atrofi qudratli texnikalar bilan tekislanayapti, oqar suv kiritish va bir qismi chiqib ketishiga damba qurilayapti.
— Mahallani aylanib chiqqanimda ekin maydonlari fermer xo‘jaliklar va klaster tasarrufiga berilgan ekan. Ulardan past unumli, qumchoq joydan bo‘lsa-da, 20 gektar yer olib, 50 nafar kishiga taqsimlab, plyonka ostida tarvuz, qovun yetishtiramiz hamda uzog‘i bilan may oyigacha bozorga chiqaramiz, — deydi Sh.Yo‘lliev.
Hokim yordamchisi faoliyatiga doir ushbu maqolani o‘qiganlarda albatta, “Faoliyatini endi boshlagan, hali banklardan yordamchilarga kredit va subsidiya ajratilmagan bo‘lsa, bir dunyo ishni qaysi mablag‘i hisobiga qilayotgan ekan?” degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Shuni e’tirof etmoq kerakki, “Kayron” mahallasi ahli omadli odamlar ekan. Ularga hokim yordamchisi bo‘lib tayinlangan Sherzod Yo‘lliev chin ma’noda tadbirkor, mol-mulki, boyligi o‘ziga yetarli. U Toshkent Moliya institutini bitirgandan keyin besh yilcha moliya bo‘limi va banklarda taftishchi bo‘lib ishladi. So‘ng ayrim tushunmovchilik va nohaqlik tufayli ishsiz qoldi. Oliy ma’lumotli mutaxassis Angor buyum bozorida arava sudrashdan orlanmadi, ba’zida hamollik qildi. Ayoli Nargiza Maxatova tandir-tandir non pishirib, bozorga chiqardi. Toma-toma ko‘l bo‘lur deganlaridek, eru-xotin tinimsiz harakat tufayli yiqqan sarmoyalariga avval Angor buyum bozorida bitta do‘kon qurdilar, so‘ng ikkita. Hozir do‘konlari soni 30 taga yetgan. Bundan tashqari, “Yo‘llieva Yulduz” MChJ aholiga transport xizmati ko‘rsatish uyushmasi rahbari ham Sherzod. Shuningdek, 2 ta yap-yangi “Havo”, 3 ta “Isuzu” rusumli avtomashinalari bor. Shu mol-mulkidan bir oyda keladigan daromadi 50 million so‘mga yetadi. Sherzod Yo‘lliev oylab to‘plagan daromadining bir qismini mahallani rivojlantirishga sarflamoqda. Chunki u or uchun ishlayapti, O‘zbekiston degan kelajagi porloq vatanning bir oshyoni hisoblangan “Kayron” mahallasini taraqqiy ettirish, aholisini farovon yashashini ta’minlash, eng muhimi, Prezident bildirgan ishonchni oqlash uchun mehnat qilayapti.
Usmonali Normatov