Bolalarning ekologik huquqlarini ta’minlash, yosh avlodda tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish va ularning atrof-muhitni asrashga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari doimiy e’tiborda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Butunjahon bolalar kuniga bag‘ishlab «Bizning huquqimiz, bizning ovozimiz» shiori ostida yosh ekofaollar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz hududlaridan 350 nafar yosh ekofaol qatnashdi. 300 nafardan ortiq ishtirokchi esa muloqotga onlayn tarzda qo‘shildi.
Unda bolalarning sog‘lom atrof-muhitda yashash huquqi, ekologik ta’limni rivojlantirish, yoshlarning tashabbuslarini amalga oshirish va qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Quvonarlisi, tadbir doirasida o‘tkazilgan «Yashil maktab» loyihasida Denov tumanidagi 74-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi uchinchi o‘rinni egallab, 100 million so‘mlik vaucher bilan taqdirlandi.
Ushbu natija maktab jamoasining ekologik madaniyatni yuksaltirish, o‘quvchilarda tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish borasidagi ishlariga berilgan e’tirof bo‘ldi.

