Surxondaryo viloyatida 20-noyabr — Butunjahon bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Bolalik formulasi” doirasida ochiq muloqot tashkil etildi.
Termiz shahridagi Yoshlar markazida o‘tkazilgan tadbirda bolalar huquqlarini ta’minlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, volontyorlik faoliyatini rivojlantirish hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda soha mutaxassislari bolalar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, ularning fikr va takliflarini tinglash, qiziqish hamda iste’dodlarini yuzaga chiqarish, tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur imkoniyatlarni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Zero, bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning fikriga quloq tutish va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish — sog‘lom, bilimli va tashabbuskor avlodni tarbiyalashning muhim shartidir. Bunday ochiq muloqotlar esa yoshlarning o‘z salohiyatiga ishonchini mustahkamlash, ularni ijtimoiy hayotga faol jalb etishga xizmat qiladi.

