Mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, oilalarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va barqaror daromad manbalarini yaratish manzilli yondashuvni talab etadi. Bu boradagi ishlar Denov tumanidagi «Dahana» mahallasida ham muhokama qilindi.
Tuman hokimi Anvar Normamatov «mahalla yettiligi» a’zolari bilan uchrashib, hududni yil yakuniga qadar kambag‘allikdan xoli mahallaga aylantirish borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mahalladagi 1 110 ta oiladan 137 tasi ijtimoiy reyestrga kiritilgan. Ularning 46 tasi davlat ta’minotidagi, 59 tasi kambag‘al, 32 tasi kambag‘allik chegarasidagi oilalardir. Joriy yil 1-avgustga nisbatan kambag‘al oilalar soni 77 tadan 59 taga kamaygan bo‘lsa-da, kambag‘allik chegarasidagi oilalar 26 tadan 32 taga ko‘paygan.
Uchrashuvda har bir oilaning holatidan kelib chiqib, fuqarolarni ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik va tomorqachilik orqali daromad manbalarini yaratish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, kambag‘allik chegarasidagi oilalarning ahvoli og‘irlashib ketishining oldini olishga e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng, tuman hokimi fuqarolar bilan muloqot qilib, ularning murojaat va takliflarini tingladi. Bildirilgan masalalarni o‘rganish va hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Belgilangan vazifalar har bir xonadon bilan individual ishlash, oilalar daromadini oshirish va mahallani kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishga qaratildi.

