Yo‘l harakati qoidalariga rioya etish bilan birga, ularni buzganlik uchun belgilangan javobgarlik va jarimalarni to‘lash tartibini bilish ham muhim. Ichki ishlar vazirligi yangi yo‘riqnoma bilan ma’muriy ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish qoidalarini belgiladi.
Unga ko‘ra, yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun tayinlangan jarima 60 kun ichida to‘lanishi lozim. Muddatida to‘lanmagan qarzdorlik sabab avtomobil YHXX inspektorlari tomonidan alohida bayonnomasiz ushlab turilib, jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin. Biroq qarzdorlik to‘xtatilgan paytda to‘liq bartaraf etilsa, transport vositasini ushlab turish chorasi qo‘llanmaydi.
Yo‘riqnomada ma’muriy bayonnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, ayrim holatlarda qog‘oz shaklidan foydalanish, ishlarni 15 kun ichida ko‘rib chiqish tartiblari ham belgilangan. Jarimani qaror nusxasi olinganidan keyin 15 kun ichida to‘laganlarga 50 foiz, 30 kun ichida to‘laganlarga 30 foiz chegirma berilishi ham saqlab qolingan.
Shuningdek, avtomatik kameralar qayd etgan qoidabuzarliklar bo‘yicha qaror chiqarish va jarima ballarini hisoblash mexanizmlari aniqlashtirilgan. Bir qoidabuzarlik uchun ko‘pi bilan ikki ball hisoblanadi, 12 balldan ortiq ball to‘planganida esa qo‘shimcha jazo masalasi sudda ko‘rib chiqiladi.
Yangi yo‘riqnoma 2027-yil 7-yanvardan kuchga kiradi.

