Bolalar xavfsizligi va huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning javobgarligini kuchaytirish maqsadida yangi qonun qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva qonun imzolanganini ta’kidlab, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka murosasiz munosabatda bo‘lish zarurligini qayd etdi.
Qonun bilan 5 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan ayrim og‘ir jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Bunday jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortish muddatiga ham cheklov qo‘yilmaydi.
Shuningdek, bolaga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik sodir etganlik, tarbiya va ta’lim jarayonida zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarning protsessual huquqlari ham kengaytirilib, ularga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlari belgilandi.
Qonunda bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun jazoni yengillashtirishga oid cheklovlar ham nazarda tutilgan. Yangi normalar bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda bunday qilmishlar uchun javobgarlik muqarrarligini kuchaytirishga qaratilgan.

