Kitob inson tafakkurini boyitib, dunyoqarashini kengaytiradi. Oilada shakllangan mutolaa madaniyati esa farzandlarning bilimli, ma’naviyatli va mustaqil fikrlaydigan insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida “Oila va ma’rifat — harbiylikning mustahkam tayanchi” mavzusida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Kitobxonlik tadbiri doirasida harbiy xizmatchilarga o‘zbek va jahon adabiyotining sara badiiy hamda tarixiy asarlari taqdim etildi. Muloqot davomida mutolaa madaniyatini yuksaltirish, harbiy oilalarda kitobxonlik muhitini shakllantirish va bu orqali yosh avlod tarbiyasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, kitobxonlik oilada kattalarning shaxsiy namunasi orqali shakllanadi. Farzand ota-onasining kitobga munosabatini ko‘rib ulg‘aysa, unda ham mutolaaga qiziqish va bilim olishga intilish kuchayadi. Bu esa yoshlarning ma’naviy kamoloti, hayotiy qarashlari va Vatanga sadoqat tuyg‘usini tarbiyalashga xizmat qiladi.
Harbiy xizmatchi uchun kasbiy tayyorgarlik va intizom qanchalik muhim bo‘lsa, ma’naviy yetuklik ham shunchalik zarur. Oilada ma’rifat va kitobxonlikka tayangan muhitni qaror toptirish esa nafaqat farzandlar tarbiyasiga, balki jamiyatning intellektual salohiyatini oshirishga ham hissa qo‘shadi.
Islomjon Muxamadaliyev,
harbiy xizmatchi

