Oltinsoy tumanida “O‘zbekiston enoturizmi va milliy taomlari” festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Surxondaryoning uzumchilik va vinochilik an’analari, milliy taomlari, mahalliy mahsulotlari hamda turizm imkoniyatlari namoyish etilmoqda.
Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, shahar va tumanlar pavilyonlari, milliy taomlar, meva-sabzavotlar, uzum navlari va vinochilik mahsulotlari ko‘rgazmalari bilan tanishdi. Ko‘rgazmalarda hududlarning o‘ziga xos mahsulotlari, hunarmandchilik namunalari va milliy an’analari aks etdi. Ayniqsa, Oltinsoyning uzumchilik tajribasi va mahalliy mahsulotlari tashrif buyuruvchilar e’tiborini tortdi.

Ochilish marosimida viloyat hokimi festival mahalliy mahsulotlarni ommalashtirish, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va Surxondaryoning sayyohlik jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Festivalda viloyatning 15 ta hududi o‘z mahsulotlari va milliy taomlarini namoyish etmoqda. “Dunyo taomlari va xalqlari” ko‘rgazmasi, milliy sport o‘yinlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlari hamda restoranlar taqdimotlari tadbir dasturidan o‘rin olgan.

Tantanali ochilish konsert dasturi bilan davom etdi. Poytaxtdan tashrif buyurgan san’atkorlar, voha xonandalari va folklor jamoalari chiqishlari festivalga bayramona ruh bag‘ishladi.
Festival tadbirlari 15-oktaybr kuni ham davom etadi. Kun yakunida gala-konsert o‘tkazilib, turli nominatsiyalar g‘oliblari taqdirlanadi.

