“Yashil iqtisodiyot” tushunchasi atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq masaladan ham kengroq. U energiya va suvni tejash, chiqindilarni kamaytirish, qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish bilan birga yangi biznes yo‘nalishlarini ham shakllantirmoqda. “Yashil tadbirkorlik”ning mazmuni oddiy: tabiatga zarar yetkazishni kamaytirgan holda iqtisodiy manfaat yaratish. Quyosh panellarini o‘rnatish va ularga xizmat ko‘rsatish, energiya tejamkor uskunalar savdosi, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, suvni tejaydigan texnologiyalar, ekologik qadoqlash, organik mahsulot yetishtirish shular jumlasidan.
Bu yo‘nalishlarning ayrimlari katta sarmoyani talab qilishi mumkin. Biroq “yashil” biznes faqat yirik korxonalar uchun degani emas. Masalan, kichik tadbirkor quyosh panellarini o‘rnatish yoki ta’mirlash xizmatini yo‘lga qo‘yishi, energiya tejamkor qurilmalarni sotishi, chiqindilarni yig‘ish va saralash bilan shug‘ullanishi mumkin. Muhimi, bozorda real ehtiyoj borligini aniqlashdir.
Qishloq hududlarida ham imkoniyatlar yetarli. Tomchilatib sug‘orish, quyosh energiyasidan foydalanish, energiya tejamkor issiqxonalar, organik mahsulot yetishtirish va qishloq xo‘jaligi chiqindilarini qayta ishlash nafaqat ekologik foyda, balki qo‘shimcha daromad manbayi bo‘lishi mumkin. Masalan, fermer faqat mahsulot yetishtirish bilan cheklanmay, uni qayta ishlab, qadoqlab va tayyor mahsulot sifatida bozorga chiqarishi mumkin. Ishlab chiqarish jarayonida suv va energiyani tejaydigan texnologiyalardan foydalanish esa xarajatlarni kamaytirib, mahsulotning raqobatbardoshligini oshiradi.
Bu sohada yoshlar uchun ham imkoniyatlar keng. Aqlli uy tizimlari, energiya samaradorligi, ekologik qadoqlash, chiqindilarni qayta ishlash, raqamli ekologik xizmatlar kabi yo‘nalishlarda kichik loyihalar va startaplarni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Aslida “yashil” biznesni boshlash uchun har doim ham mutlaqo yangi g‘oya shart emas. Atrofga qarashning o‘zi yetarli: qayerda suv isrof bo‘lmoqda, qayerda elektr energiyasi ortiqcha sarflanmoqda, qanday chiqindini qayta ishlash mumkin yoki odamlar qaysi ekologik xizmatga ehtiyoj sezmoqda? Ana shu savollarning javobi yangi biznes g‘oyasiga aylanishi mumkin.
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, energiya samaradorligini oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga e’tibor kuchayib borayotgani bu yo‘nalishdagi tadbirkorlik uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Kelajakda quyosh energetikasi, elektr transporti, chiqindilarni qayta ishlash, suv tejovchi texnologiyalar, ekologik qurilish va organik mahsulotlar bozorining kengayishi yangi kasb va xizmatlarga ehtiyojni oshirishi mumkin.
Demak, “yashil iqtisodiyot”ning mazmun-mohiyati keng. Bu — resursni tejash, xarajatni kamaytirish, yangi xizmat yaratish va undan daromad olish imkoniyatidir. Tabiatga foydali bo‘lgan yechim, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, biznes uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.
F.To‘rayev,
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Surxondaryo filiali rahbari
Sh.Xidirov,
filial bosh mutaxassisi

