Surxondaryoda rahbarlarning ishga kelib-ketishda velosipeddan foydalanishi orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bilan birga, hududlarni bevosita joyiga chiqib o‘rganish amaliyoti ham kuchaymoqda. Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov erta tongdan Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida ish kunini boshladi.
Dastlab Termiz davlat pedagogika institutida agrar sohani rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, hududlarda obodlik va tozalikni ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi videokonferensaloqa orqali muhokama qilindi.
Shundan so‘ng viloyat rahbari mas’ullar bilan birga velosipedda harakatlanib, “Texno PARK” loyihasining ikkinchi bosqichi, ko‘p qavatli uy-joylar hamda turizm majmuasi qurilishi jarayonlarini joyiga chiqib ko‘zdan kechirdi. Har bir loyiha bo‘yicha ishlarning borishi o‘rganilib, mas’ullarga aniq vazifa va muddatlar belgilandi.
Shuningdek, M-39 avtomagistrali bo‘ylab Termiz shahri tomon harakatlanish davomida yo‘l bo‘yidagi hududlarni obodonlashtirish, kuzgi hazonlarni tozalash hamda bo‘sh maydonlarni “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekishga tayyorlash ishlari ko‘zdan kechirildi.
Mas’ullarga hududlarni obod va ko‘rkam saqlash, belgilangan ishlarni sifatli hamda o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Muhimi, bu tashabbus velosipeddan foydalanishning o‘zi bilan cheklanmay, rahbarning sog‘lom turmush tarzi va ishga mas’uliyat borasidagi shaxsiy namunasini amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirmoqda.

