Termiz davlat universitetiga qarashli “Paxtaoy” maskanida hududni zamonaviy dam olish va sog‘lomlashtirish majmuasiga aylantirishga qaratilgan yirik bunyodkorlik ishlari boshlandi. Termiz tumani “Sabzipoya” mahallasida joylashgan maskanda TerDU kasaba uyushmasi bog‘i va sanatoriy-oromgohi, oilaviy dam olish hamda sport zonalari, bolalar hordiq chiqaradigan hududlar va yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirokida sanatoriy-oromgohi qurilishiga start berildi. Shuningdek, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, yordamchi xo‘jaliklarni yo‘lga qo‘yish hamda “Paxtaoy”ning tabiiy muhitini yanada boyitish bo‘yicha rejalar taqdim etildi. Ezgu ishlar avvalida duoga qo‘l ochilib, yangi maskan el-yurt, universitet jamoasi va dam oluvchilar uchun manfaatli, fayzli va zamonaviy go‘shaga aylanishi tilandi.
“Paxtaoy”da boshlangan bu loyihalar hududning nafaqat qiyofasini, balki undan foydalanish imkoniyatlarini ham tubdan o‘zgartirishi kutilmoqda.

