O‘tgan davrlarda ayrim hududlardagi oilaviy poliklinikalar faoliyatida qator muammolar mavjud edi. Muassasalarning moddiy-texnik bazasi yetarli darajada emasligi, malakali kadrlarga ehtiyoj, dori-darmon va tibbiy buyumlar ta’minotidagi kamchiliklar, patronaj xizmatining talab darajasida tashkil etilmagani aholi uchun qator noqulayliklarni yuzaga keltirar edi. Bunday muammolarni bartaraf etish maqsadida tibbiyot tizimida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Joylarda ta’mirtalab tibbiy muassasalar rekonstruksiya qilinmoqda, yangi binolar barpo etilmoqda, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlashga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bu jarayonning eng muhim jihati shundaki, islohotlar faqat tibbiyot muassasasining tashqi ko‘rinishi yoki moddiy bazasini yaxshilash bilan cheklanib qolmayapti. Tibbiy xizmatning mazmuni va sifati ham o‘zgarmoqda.
Ya’ni bemor uchun qulaylik, tibbiy xizmatning uzluksizligi, profilaktika ishlari, elektron ma’lumotlardan foydalanish va aholi salomatligini muntazam kuzatib borishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Oilaviy poliklinikaning muhim jihatlaridan biri — oilaviy shifokor institutining aholiga yaqinlashtirilayotganidir.
Oilaviy shifokor nafaqat bemorni ko‘rikdan o‘tkazadi, balki uning umumiy salomatlik holatini baholaydi, zarur tekshiruvlarga yo‘llaydi, kasalliklarning xavf omillarini aniqlaydi va davolash yoki boshqa mutaxassisga murojaat qilish bo‘yicha tavsiya beradi.
Bu tizimning yana bir muhim jihati — bemorning tibbiy tarixi uzluksiz kuzatib borilishidir. Insonning salomatligi haqidagi ma’lumotlar muntazam shakllantirib borilsa, shifokor bemorning umumiy holati va avvalgi kasalliklarini hisobga olgan holda yanada samarali tibbiy yondashuvni belgilashi mumkin.
Shu tariqa tibbiy xizmat “kasal bo‘lganda shifokorga borish” modelidan “salomatlikni muntazam nazorat qilish” modeliga yaqinlashadi.
Qolaversa, aholi salomatligini baholashda profilaktik tekshiruvlarning ahamiyati katta. Jumladan, 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholida salomatlik profilini baholash imkoniyati yaratilmoqda. Bunda ovqatlanish xususiyati, tamaki iste’moli, tana vazni indeksi, arterial qon bosimi, qondagi qand va xolesterin miqdori kabi ko‘rsatkichlar o‘rganiladi.
Bu oddiy tekshiruvlar orqali inson o‘z salomatligi haqida aniqroq tasavvurga ega bo‘lishi mumkin.
Masalan, inson o‘zini sog‘lom deb hisoblashi mumkin, ammo yuqori qon bosimi, ortiqcha vazn yoki qondagi qand miqdorining meyordan chetlashishi kabi holatlar keyinchalik jiddiy kasalliklarga olib kelishi ehtimoli bor. Ularni erta bosqichda aniqlash esa profilaktik choralarni o‘z vaqtida ko‘rish imkonini beradi.
40 yoshdan oshgan aholi uchun esa oilaviy poliklinikalar va tibbiy brigadalar orqali manzilli skrining tekshiruvlarini tashkil etish muhim profilaktik mexanizmlardan biri hisoblanadi.
Oilaviy poliklinikada qanday xizmatlar ko‘rsatiladi?
Bugungi oilaviy poliklinika faoliyati ko‘lami ancha keng. Bu yerda aholi oilaviy shifokor va hamshira xizmatlaridan, bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazish va davolashdan, nikohga kirishuvchilarning tibbiy ko‘rigidan, vaksinatsiya xizmatlaridan, EKG, UZI, rentgen kabi tekshiruvlardan, arterial qon bosimini o‘lchatishdan, qon va peshob tahlillaridan, operatsiyadan keyingi kuzatuv va davolashdan, homiladorlikdan oldingi va keyingi tibbiy kuzatuvdan, fizioterapiya xizmatlari hamda oilani rejalashtirish va sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha maslahatlardan foydalanishi mumkin.
Shuningdek, zarurat tug‘ilganda bemorni statsionar davolanishga yoki boshqa tibbiy muassasaga yo‘naltirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar beriladi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtirish hamda sog‘liq holati haqida ma’lumotnomalar olish imkoniyatining mavjudligi ham aholi uchun muhim qulayliklardan biridir.
Oilaviy tibbiyotning yana bir muhim jihati — tibbiy xizmatni ehtiyojmand insonga yaqinlashtirishdir. Ayniqsa, homilador ayollar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, keksa yoshdagilar va uy sharoitida tibbiy yordamga muhtoj bemorlar uchun patronaj xizmatining ahamiyati katta.
Bunday hollarda bemorning tibbiy muassasaga borishi qiyin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun shifokor yoki tibbiy xodimning bemor yashash joyiga borib xizmat ko‘rsatishi nafaqat qulaylik, balki ayrim holatlarda zarurat hamdir. Bu amaliyot tibbiyot tizimini aholiga yanada yaqinlashtirish, ayniqsa ehtiyojmand qatlamlarni tibbiy xizmat bilan qamrab olish imkonini kengaytiradi.
Tibbiyot sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ham oilaviy poliklinikalar faoliyatini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Elektron tibbiy ma’lumotlardan samarali foydalanish bemorning tibbiy tarixini saqlash, ma’lumotlarni tezkor olish, tekshiruv natijalarini kuzatish va tibbiy xizmatning uzluksizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bu esa qog‘ozbozlikni kamaytirish bilan birga, shifokorning bemor bilan ishlash uchun vaqtini ko‘paytirishga ham yordam berishi mumkin.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini oshirish, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish hamda tibbiyot muassasalarini raqamlashtirishni 100 foizga yetkazish kabi muhim vazifalar belgilangan.
Bu maqsadlar oilaviy poliklinikalarning kelgusidagi o‘rni yanada ortishini ko‘rsatadi. Shu ma’noda oilaviy poliklinikalarning rivojlanishi — bu nafaqat tibbiyot tizimini isloh qilish, balki sog‘lom oila, sog‘lom jamiyat va farovon kelajak uchun mustahkam poydevor yaratish demakdir.
Gulbahor TANGIROVA,
Xalq deputatlari
Surxondaryo viloyati
Kengashi deputati

