Savod oxirgi o‘rinda…mi?

Date:

Bir hukmdor kotibining savodsizligi yoki xatosi tufayli bir begunoh kishi otilib ketgani haqida bilasizmi? “Kaznit nelzya, pomilovat!” (Qatl etilmasin, shafqat qilinsin!) degan buyruqni kotib yozuv mashinkasida yozayotib birgina vergulning o‘rnini almashtirib yuboradi. Natijada, “Kaznit, nelzya pomilovat!” (Qatl etilsin, shafqat qilinmasin!) deb yozadi…

Bugun ijtimoiy tarmoq hatto o‘z ism-sharifiniyam eplab yoza olmaydigan kimsalar bilan to‘lib-toshgan. Ayrim qaydlar va izohlarni ko‘rib, rosti, ko‘ngling ayniydi. Ayrim blogerlar e’lon qilayotgan matnlardagi xatolardan gapirsangiz, “Hozirgi zamonda surat, video gapiradi, matn oxirgi o‘rinda!”, degan o‘ta “donishmandona” va “faylasufona” iboralarni ishlatishadi.

Bir paytlar savodsiz odam savodli kishining oldida haddini bilib, xato qilsa mulzam bo‘lib o‘tirgan. Endi-chi, savodsizlik go‘yoki faxr-iftixor ramziga aylangandek. Gapirasan, tanqid qilasan, ammo ko‘pchiган sutdek oshib-toshib ketayaptiki, aslo kamaymayapti.

Shunday qusurlarimiz avj olib, rivojlanib turgan bir paytda tilimizga, ma’naviyatimizga bolta urayotgandekmiz. Teatrlardan, gazeta-jurnallardan, kutubxonalardan uzoqlashayapmiz. “Ma’naviyat kerak emas, internet bor!” deb ayyuhannos solayapmiz. “Matbuot, televideniye, radio, teatr kerakmas, ular qornimizni to‘ydirmaydi!” deydigan bo‘ldik. Biz qachondan beri qoringa aloqasi bo‘lmagan boshqa masalalar ustiga qora chiziq tortadigan bo‘lib qoldik? Yotib yemoqlik va semirmoqlik qayg‘usi faqat hayvonlarga berilgan emasmi? Inson tafakkur qilish uchun, bilim olish uchun va beshikdan to qabrgacha qadar ilmini boyitish uchun yaratilmaganmi?

Bepul to‘garaklarning ahvoli xarob. Bolaning qiziqishi bilan ota-onaning ishi yo‘q. Bola tekin adabiyot yoki san’at to‘garagidan olib, pullik sport to‘garagiga qo‘yilayapti. Lekin uning sportga rag‘bati yo‘q. Maktabda targ‘ibotchi bo‘lib ishlaganimda, shu narsalarga guvoh bo‘lganman. Hamma farzandining kelajakda toparmon-tutarmon bo‘lishini istaydi. Biroq bilimda va tafakkurda, xat-savodda mukammal bo‘lgan avlod nafaqat ota-onasi, balki mamlakat ertasi uchun muhim ekanligini hamma ham tushunib yetmayapti.

Tarbiyada, ta’limda fursatni boy bersak, bugun gapimizga kirish mumkin bo‘lgan farzandimiz ertaga suyagi qotgan, gap uqmas, aqli kirmas, ishyoqmas, savodsiz odamga aylanadi. Keyin esa kech bo‘ladi. Xulosani qachon qilishingiz esa o‘zingizga bog‘liq.

Hamzabek Turdiyev

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Murojaat muddati —huquq kafolati

Fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini sud orqali himoya qilishi...

Taraqqiyot poydevori

Respublikamiz mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan 35 yil davomida barcha...

EKRAN ORTIDAGI XAVF: QANDAY ALDANAMIZ?

Raqamli texnologiyalar hayotimizni yengillashtirdi. Bir necha daqiqada pul o‘tkazish,...

Seuldan Surxondaryoga: tajriba, taassurotva yangi g‘oyalar

Ta’limda yangilikka intilish, zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirish bugungi...
KunTun
KunTun