Yoshlar va diniy bag‘rikenglik: bilim va tajriba orqali taraqqiyot

Date:

Zamonaviy jamiyatda barqarorlikni ta’minlash, ijtimoiy uyg‘unlikni mustahkamlash va yosh avlodni ma’naviy jihatdan tarbiyalashda bilim va amaliy tajriba orqali diniy bag‘rikenglikni shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, globallashuv jarayonlari kuchayib borayotgan, turli axborot oqimlari inson ongiga kuchli ta’sir ko‘rsatayotgan bugungi davrda yoshlarda diniy bag‘rikenglikni shakllantirish dolzarb vazifaga aylanmoqda.

Diniy bag‘rikenglik tushunchasi insonlarning turli din va e’tiqodlarga nisbatan hurmat va sabr-toqat bilan munosabatda bo‘lishini anglatadi. Bu nafaqat diniy sohada, balki jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarda ham muhim o‘rin tutadi. Yoshlar esa jamiyatning eng faol va ta’sirchan qatlami bo‘lib, ularning dunyoqarashi, qadriyatlari va diniy qarashlari kelajak taraqqiyotini belgilaydi. Shu bois, yoshlarda diniy bag‘rikenglikni shakllantirish ta’lim, tarbiya va amaliy tajriba orqali amalga oshirilishi lozim.

Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oiladek yashab kelmoqda. Ushbu hududda azaldan shakllangan qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatga asoslangan an’analar turli millat va konfessiya vakillari o‘rtasida tinch-totuv yashash madaniyatini shakllantirgan.

Shu bilan birga Surxondaryo viloyatining 3 milliondan ortiq aholisi orasida turli millat vakillari, jumladan, o‘zbek, tojik, turkman, rus, qozoq, qirg‘iz, ukrain, arman, koreys va boshqa millat vakillari mavjud bo‘lib, aholining aksariyati islom diniga, bir qismi esa xristianlik va boshqa dinlarga e’tiqod qiladi. Eng muhimi, ular tinch-totuv, ahil qo‘shnichilik va do‘stlik muhitida hayot kechirmoqda. Shuningdek, viloyatda 134 ta masjid, 2 ta xristian cherkovi va bir qancha diniy ta’lim muassasalari erkin faoliyat yuritmoqda.

Viloyatda turli millat vakillari istiqomat qilishi, tarixiy jihatdan turli madaniyat va dinlar kesishgan hudud bo‘lgani bu yerda qadimdan bag‘rikenglik muhiti shakllanishi omillari bo‘lganini ko‘rsatadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat aholisining qariyb 26 foizini 14-30 yosh-dagi yoshlar tashkil etishi, aholining eng faol qatlami bo‘lgan yoshlar orasida diniy bag‘rikenglikka oid qarashlarni shakllantirish masalasining ahamiyatini yanada oshiradi. Jumladan, ta’lim tizimi yoshlarda diniy bag‘rikenglikni shakllantirishda asosiy institutlardan biri hisoblanadi.

Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida 76,5 ming nafar talaba, umumta’lim va kasb-hunar maktablarida 555 ming nafar o‘quvchi tahsil olib, ular o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimli ravishda tashkil etilgan. Xususan, dars jarayonlarida umuminsoniy qadriyatlar, inson huquqlari, diniy erkinlik va bag‘rikenglik g‘oyalari keng yoritilmoqda. Shuningdek, “Ma’naviyat soatlari”, davra suhbatlari va tarbiyaviy tadbirlar orqali yoshlarga turli dinlarga nisbatan hurmat ruhi singdirilmoqda.

Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida bu borada talabalar o‘rtasida diniy bag‘rikenglik, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash mavzularida seminar, trening va ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlar yoshlarning ongli ravishda turli g‘oyalarni tahlil qilish, ularga tanqidiy yondashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Hududda turli madaniy va ijtimoiy tadbirlar orqali yoshlar o‘rtasida muloqot va hamkorlik muhiti yaratilmoqda. Milliy madaniy markazlar, yoshlar tashkilotlari va jamoat birlashmalari tomonidan o‘tkazilayotgan festivallar, forumlar va uchrashuvlar yoshlarda turli madaniyat va dinlarga nisbatan qiziqish va hurmatni oshirishga xizmat qilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlari ham yoshlar dunyoqarashiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Viloyatda OAV orqali diniy bag‘rikenglik g‘oyalari targ‘ib qilinmoqda, turli ko‘rsatuvlar va maqolalar orqali jamiyatdagi ijobiy tajribalar yoritilmoqda. Shu bilan birga, internetdagi salbiy axborotlar va yot g‘oyalar ta’sirini kamaytirish maqsadida media savodxonlikni oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yoshlarda diniy bag‘rikenglikni shakllantirishda oila va mahallaning o‘rni ham beqiyosdir. Mahalla instituti orqali yoshlar bilan individual ishlash, ularning muammolarini o‘rganish va hal etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ota-onalar bilan hamkorlikda tarbiyaviy ishlar olib borilib, yoshlarning ma’naviy rivojlanishiga hissa qo‘shilmoqda.

Shu bilan birga, ayrim hollarda ba’zi yoshlarda diniy bilimlarning yetarli emasligi, internet orqali noto‘g‘ri ma’lumotlarning tarqalishi va tashqi ta’sirlar ularning dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan holatlar ham mavjud. Bu esa ta’lim va tarbiya ishlarini yanada kuchaytirish, yoshlarni to‘g‘ri yo‘naltirish va ularda mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantirish zaruratini ko‘rsatmoqda.

Viloyatda bu borada uchrayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yoshlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilib, ularning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ijtimoiy faolligini oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Bu esa yoshlarning turli salbiy ta’sirlardan himoyalanishiga xizmat qilmoqda.

Yoshlarda diniy bag‘rikenglikni shakllantirish ta’lim, tarbiya va amaliy tajriba uyg‘unligida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan murakkab va uzviy jarayondir. Diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda mahalliy urf-odatlar va diniy qadriyatlarning zamonaviy demokratik tamoyillar bilan uyg‘unlashuvi yuqori samara bermoqda. Shuningdek, globallashuv va raqamli texnologiyalar davrida yoshlar ongini yot g‘oyalardan himoya qilishda faqat taqiq emas, balki sog‘lom dunyoqarash va mafkuraviy immunitet eng ishonchli vositaga aylanmoqda. Zero, bag‘rikenglik ruhida tarbiyalangan avlod – kelajakdagi barqaror taraqqiyot, millatlararo totuvlik va tinch-osuda hayotning kafolatidir.

Zebuniso Alimardonova,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Onlayn xavfsizlik: qanday himoyalanish mumkin?

Har kuni millionlab kishi internetdan foydalanadi — ammo ko‘pchilik...

Yoshlar va diniy bag‘rikenglik: bilim va tajriba orqali taraqqiyot

Zamonaviy jamiyatda barqarorlikni ta’minlash, ijtimoiy uyg‘unlikni mustahkamlash va yosh...

So‘zda emas,amalda bo‘lsin…

Korrupsiya — bu nafaqat davlat boshqaruvi va jamiyat taraqqiyotiga...

Ibn Sino avlodlaridan innovatsiya

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filialida tashkil etilgan Yoshlar...
KunTun
KunTun