Termiz garnizonidagi harbiy qismda “Ibratli harbiy oila” ko‘rik-tanlovining bosqichlaridan biri o‘tkazildi. Tadbirda harbiy xizmatchilar oilalari o‘zaro bellashib, ijodkorlik, jismoniy faollik va ma’naviy salohiyatini namoyon etdi.
Tanlov davomida ishtirokchilar oilaviy ahillikni ifodalovchi chiqishlar, sport va intellektual sinovlar, she’riy ijod hamda musiqiy kompozitsiyalar orqali o‘z mahoratlarini ko‘rsatdilar. Har bir shart oiladagi totuvlik va bir-birini qo‘llab-quvvatlash g‘oyasini yoritishga qaratildi.
Mazkur tashabbus harbiy oilalarda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-ona mas’uliyatini kuchaytirish hamda jamiyatda hamjihatlik va birdamlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

