Aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazish, ularning murojaat va takliflarini bevosita tinglash hamda joyida hal etish bugungi kunda mahalliy Kengash deputatlarining ustuvor vazifalaridan biriga aylanib bormoqda. O‘zLiDeP Termiz shahar Kengashi deputatlari tomonidan hududlarda tashkil etilayotgan bunday uchrashuvlar fuqarolarning dolzarb muammolarini aniqlash va ularni amaliy hal etish imkonini bermoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri Termiz shahrining “Eskishahar” mahallasida o‘tkazildi. Unda O‘zLiDeP Termiz shahar Kengashi deputatlari Sh.Allamuratova, A.Ashurov, X.Xolmo‘minov hamda B.Rahmatullayevlar ishtirok etdi. Muloqotda shahar hokimining barcha o‘rinbosarlari, shuningdek tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari ham qatnashib, fuqarolar bilan yuzma-yuz suhbat olib bordi. Bu esa aholining ko‘tarayotgan masalalarini o‘sha joyning o‘zida mutasaddilar bilan birgalikda muhokama qilish imkonini yaratdi.

Uchrashuv davomida mahalla aholisi o‘zlarini qiynayotgan qator masalalarni ko‘tarib chiqdi. Xususan, hududda bolalar maydonchasi qurish, ichki ko‘chalarga asfalt yotqizish, o‘rnatilgan beton ustunlarga tungi yoritgichlar o‘rnatish hamda maktabgacha ta’lim muassasasiga ehtiyoj mavjudligi masalalari ilgari surildi. Mazkur taklif va murojaatlar tegishli mutasaddi rahbarlar tomonidan o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish uchun nazoratga olindi.
Tadbir davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar ham e’tibordan chetda qolmadi. Xususan, 10 nafar fuqaroga jami 4 million 120 ming so‘mlik vaucherlar topshirildi. Bundan tashqari, ijtimoiy reyestrda ro‘yxatda turgan 1-guruh nogironi Zoirov Orzubekning uyini ta’mirlab berish masalasi hal etildi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bir nafar fuqaroga maxsus harakatlanish aravachasi topshirildi.

Uchrashuv doirasida aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida mehnat yarmarkasi hamda bepul tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi. Bu esa fuqarolarning bandligini ta’minlash va ularning sog‘lig‘ini mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Umuman olganda, bunday ochiq muloqotlar fuqarolarning muammolarini eshitish bilan cheklanmay, ularni tizimli ravishda hal etish, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu kabi uchrashuvlar deputatlar, ijro hokimiyati va fuqarolar o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlab, hududlar taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim ijtimoiy platformaga aylanib bormoqda.
O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi matbuot xizmati

