Taraqqiyot va adolat poydevori

Date:

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot bosqichida bosh mezon bitta: xalq manfaatlari ustuvor bo‘lishi shart.
Bu tamoyil amalda ishlashi uchun esa ikki tayanch zarur — kuchli vakillik organi va hisobdor ijro
hokimiyati. Ya’ni, kuchli Kengash va hisobdor hokim.Ana shunda boshqaruv tizimi chin ma’noda xalq ishonchiga tayanadi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, Prezidentimiz tashabbuslari bilan davlat boshqaruvini ochiqlik, shaffoflik va javobgarlik tamoyillari asosida takomillashtirishga qaratildi. Endilikda rahbarlik — bu imtiyoz emas, mas’uliyatdir. Hokim — hudud rahbari, ammo u, eng avvalo, xalq oldida javob beruvchi shaxsdir.
Kuchli Kengash deganda biz faqat majlis o‘tkazadigan tuzilmani emas, balki hududdagi muammolarni chuqur o‘rganadigan, byudjet mablag‘larining sarfini qat’iy nazorat qiladigan, ijro hokimiyati faoliyatini tahlil etadigan va zarur bo‘lsa, keskin savol qo‘ya oladigan vakillik organini tushunamiz.
Kengash mustaqil fikr bildirishi, taklif va tanqid qilishdan cho‘chimaydigan darajada faol bo‘lishi shart.
Hisobdor hokim esa shaffof ishlashi, har bir qarori yuzasidan asosli izoh bera olishi, xalq bilan ochiq muloqot olib borishi zarur. Hokimning kuchi ishonchda bo‘lishi kerak. Ishonch esa natija, halollik va ochiqlik bilan qozoniladi. Agar hokim o‘z faoliyatini Kengash oldida muntazam hisobot berish orqali olib borsa, qarorlar puxta muhokama qilinsa, hudud taraqqiyoti tezlashadi.
Bugun xalqning talabi o‘zgardi. Odamlar shunchaki va’dani emas, aniq natijani ko‘rishni istaydi. Yo‘llar ta’mirlanishi, ichimlik suvi muammosi hal etilishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi — bularning barchasi mahalliy boshqaruv samaradorligiga bog‘liq. Agar Kengash faol va talabchan bo‘lsa, hokim esa intizomli va mas’uliyatli bo‘lsa, hududda adolat va taraqqiyot qaror topadi.
Kuchli Kengash — bu muvozanat. Hisobdor hokim — bu javobgarlik. Muvozanat va javobgarlik uyg‘unlashgan joyda esa korrupsiyaga o‘rin qolmaydi, byurokratiya qisqaradi, tashabbus va yangilikka yo‘l ochiladi. Eng muhimi, xalq davlat idoralariga ishonadi.
Mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida boshlangan islohotlar bugun joylarda aniq natija bermoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida “Kuchli Kengash — hisobdor hokim” tamoyili amaliy mazmun kasb etib, hududiy boshqaruv tizimida yangicha ish uslubi shakllanmoqda.
Viloyat xalq deputatlari Kengashi tomonidan hokimlik faoliyati ustidan nazorat mexanizmlari sezilarli darajada kuchaytirildi. Endilikda har bir muhim qaror, xususan, hududiy rivojlantirish dasturlari, byudjet mablag‘lari taqsimoti, investitsiya loyihalari va ijtimoiy soha masalalari Kengash sessiyalarida atroflicha muhokama qilinmoqda. Deputatlar nafaqat eshituvchi, balki tashabbus ko‘rsatuvchi va talab qo‘yuvchi kuchga aylanyapti.
So‘nggi sessiyalarda ichimlik suvi ta’minoti, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, maktab va tibbiyot muassasalarini ta’mirlash, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari yuzasidan hokimlik mutasaddilarining hisobotlari eshitildi. Har bir hisobot aniq raqamlar, muddatlar va mas’ullar kesimida ko‘rib chiqilib, ijro intizomi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatildi. Bu esa qog‘ozdagi reja emas, amaldagi natijaga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, byudjet mablag‘larining maqsadli va shaffof sarflanishini ta’minlash borasida Kengash doimiy komissiyalarining o‘rni ortdi. Ochiq muhokamalar, joylarga chiqib o‘rganishlar, aholining murojaatlarini tahlil qilish orqali muammolar manzilli hal etilmoqda. Natijada, fuqarolarning Kengash va mahalliy hokimiyatga ishonchi mustahkamlanmoqda.
Viloyatda investorlar bilan ishlash, yangi sanoat loyihalarini ishga tushirish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida ham Kengash va hokimlik hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Har bir loyiha ortida aniq ijtimoiy samara va yangi ish o‘rni turishi asosiy mezon sifatida belgilanmoqda.
Eng muhimi, bugun viloyatimizda hokimlik faoli-yati yopiq eshiklar ortida emas, balki xalq vakillari — deputatlar ishtirokida ochiq muhokama qilinmoqda.
Hisobot berish amaliyoti tizimli yo‘lga qo‘yildi. Tanqidiy ruh kuchaydi. Bu esa boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
“Kuchli Kengash – hisobdor hokim” tamoyili shunchaki shior emas, balki viloyatda amaliy boshqaruv modeli sifatida qaror topmoqda. Xalq nazorati bor joyda adolat qaror topadi. Surxondaryo bugun aynan shu tamoyil asosida yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda.
Bugun bizga shior
emas, tizimli ishlaydigan mexanizm kerak. Kuchli Kengash hokimni nazorat qiladi, hokim esa hududni boshqaradi. Ikkalasi ham xalq xizmatida bo‘lsa — jamiyat yutadi.
Zero, adolatli boshqaruv — kuchli davlatning asosi. Kuchli Kengash va hisobdor hokim esa ana shu asosning mustahkam poydevoridir.

Sherpulat Boyqulov,
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi kotibiyati mudiri

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

KORRUPSIYAGA QARSHI BIRGALIKDA KURASHAMIZ❗️ Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi...

Zamonaviy talabga puxta yechim

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Muzrabot tumanida bo‘lib, xalqaro ahamiyatga...

“Jasorat maktabi” — muhim loyiha

Respublika bo‘ylab yoshlarni vatanparvarlik, sadoqat va harbiy intizom ruhida...

Iqtidori e’tirofga sazovor

Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi Farxod Nazarov Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan...
KunTun
KunTun