Raqamli nazorat kuchaymoqda

Date:

Sud hujjatlari va boshqa organlar qarorlarining o‘z vaqtida hamda to‘liq ijro etilishi jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashning asosiy shartlaridan biridir. Ayniqsa, ijro jarayonida xatlangan mol-mulkni realizatsiya qilish bosqichi shaffoflik, adolat va ochiqlikni talab qiladi. So‘nggi yillarda ushbu sohani raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish hamda korrupsiyaviy xavflarning oldini olishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-yanvardagi 39-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom ana shu islohotlarning mantiqiy davomidir.
Unga ko‘ra, 2024-yil 1-apreldan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik asosida sotish faqat realizatsiya jarayonini boshidan oxirigacha masofaviy monitoring qilish imkonini beruvchi elektron tizimni joriy etgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bu talab mol-mulkni qabul qilish, saqlash va sotish bosqichlarida doimiy nazoratni ta’minlab, noqonuniy harakatlar hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, savdo do‘konlarini tanlab olishda internet-savdoni yo‘lga qo‘ygan tashkilotlarga ustunlik berilishi belgilandi. Bu yondashuv realizatsiya jarayonini tezlashtiradi, xaridorlar doirasini kengaytiradi va xatlangan mol-mulkni bozor mexanizmlari asosida, ochiq raqobat muhitida sotish imkonini yaratadi. Natijada mulk qisqa muddatda va bozor talablariga mos ravishda sotilishi ta’minlanadi.
Nizomga muvofiq, savdo tashkilotlari haqidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan yuritiladigan maxsus reyestrda aks ettiriladi. Bu reyestr tizimning shaffofligini ta’minlab, faqat belgilangan talablarga javob beradigan tashkilotlarning jarayonda ishtirok etishiga imkon beradi. Qayta tashkil etish yoki bankrotlik arafasida bo‘lgan, olti oydan ortiq faoliyat yuritmagan, soliq qarzdorligi mavjud yoki mol-mulk harakati monitoringi elektron tizimini joriy etish majburiyatini olmagan tashkilotlar realizatsiya jarayonida qatnasha olmaydi. Bu talablar savdo jarayonining barqarorligi va ishonchliligini ta’minlashga qaratilgan.
Mol-mulkni realizatsiya qilish istagida bo‘lgan savdo tashkilotlari Byuroga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda murojaat qiladi. Jarayonning to‘liq raqamli shaklda amalga oshirilishi ortiqcha byurokratik bosqichlarni qisqartirib, tadbirkorlik subyektlari uchun qulaylik yaratadi.
Umuman olganda, mazkur Nizom ijro tizimini zamonaviy talablarga mos ravishda takomillashtirib, xatlangan mol-mulkni samarali va adolatli realizatsiya qilish mexanizmini shakllantiradi. Bu esa nafaqat ijro samaradorligini oshiradi, balki jamiyatda huquq ustuvorligi va davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Kamolbek Ashurov,
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Sog‘lom avlod poydevori

Jismoniy tarbiya jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri bo‘lib, u...

Eksport potensiali oshiriladi

O‘tgan bir yil Surxondaryo viloyati uchun energetika sohasida keng...

Raqamli nazorat kuchaymoqda

Sud hujjatlari va boshqa organlar qarorlarining o‘z vaqtida hamda...

Sharqning Avreliy Avgustini

Zahiriddin Muhammad Bobur deganda, ko‘z oldimizda nafaqat buyuk imperiya...
KunTun
KunTun