Bugungi kunda sanoat mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘lishi, avvalo, ularning sifati, xavfsizligi va xalqaro standartlarga muvofiqligi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalarini rivojlantirish mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, eksport salohiyatini oshirishda ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shu maqsadda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari F.Samatov tomonidan Surxondaryo viloyatidagi sanoat va eksportyor korxonalar faoliyatini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi. Safar davomida korxonalar bilan yaqindan muloqot qilinib, ularning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan texnik va meyoriy masalalarga aniq yechimlar taklif etildi.
Xususan, Termiz tumanida joylashgan “SURXON SENDVICH” MCHJ faoliyatini o‘rganish jarayonida jamiyat tomonidan ishlab chiqarilayotgan 11 turdagi “bazalt tolasi” mahsulotlarini sertifikatlashtirish masalasida yaqindan amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada, mazkur mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilib, korxona mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarga chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa korxona faoliyatini kengaytirish, eksport hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun muhim zamin bo‘ldi.
Shu bilan birga, korxona qoshidagi sinov laboratoriyasida sinovlarni xalqaro standartlar asosida olib borish hamda laboratoriyaning texnik jihatdan malakaliligini baholash jarayonlarida ham amaliy ko‘mak berish maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining viloyat bo‘limidan mas’ul mutaxassislar biriktirildi. Bu esa mahsulot sifati ustidan nazoratni kuchaytirish va ishonchli natijalarga erishishga xizmat qilmoqda.
Kelgusida MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan “bazalt tolasi” mahsulotlarini xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli sotish maqsadida korxonada ISO 9001 xalqaro standartiga mos sifat menejmenti tizimini joriy etish bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilandi. Ushbu jarayonlarni amalga oshirish uchun “Uz Test” DM Surxondaryo filiali mutaxassislari biriktirilib, korxonaga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari boshlab yuborildi.
Shuningdek, Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan “QUMTEX INVEST” MCHJ faoliyati ham e’tibordan chetda qolmadi. Korxona mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish maqsadida ISO 9001, OEKO-TEX hamda BSCI kabi xalqaro standartlarni joriy etish va sertifikatlashtirish bo‘yicha Texnik jihatdan tartibga solish agentligining menejment tizimlarini joriy etishni muvofiqlashtirish bo‘limi bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bu esa yengil sanoat mahsulotlarining xalqaro talablarga mos holda ishlab chiqarilishiga xizmat qiladi.
Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “SURHANCEMENT-INVEST” chet el korxonasi MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan sement mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish borasida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, korxona qoshidagi sinov laboratoriyasining texnik jihatdan malakaliligini baholash va tasdiqlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish yuzasidan inspeksiya tomonidan amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishib olindi.
Umuman olganda, texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining viloyat bo‘limi tomonidan 2025-yil davomida profilaktik ishlar keng ko‘lamda olib borildi. Jumladan, 600 ta tadbirkorlik subyektida tushuntirish va profilaktika tadbirlari o‘tkazilib, xavf tahlillari asosida 960 ta ogohlantirish xatlari yuborildi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida 723 ta korxonada qonunbuzilish holatlarining oldi olinib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Bundan tashqari, korxona va tashkilotlarda foydalanilayotgan o‘lchash vositalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish, sinov laboratoriyalarining texnik malakaliligini tasdiqlash, mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikatlarini olish hamda me’yoriy hujjatlar asosida davriy sinovlarni tashkil etish bo‘yicha o‘nlab korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu esa sanoat mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlashda muhim natijalarga olib keldi.
Xulosa qilib aytganda, sohada olib borilayotgan tizimli va manzilli ishlar sanoat korxonalarining barqaror rivojlanishi, mahsulotlar sifatining oshishi hamda eksport salohiyatining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ushbu jarayonlar tadbirkorlik subyektlari uchun qulay muhit yaratib, hudud iqtisodiy taraqqiyotiga yangi sur’at bag‘ishlamoqda.
S.Allayeva

