Yurtimiz, xususan viloyatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, yosh avlodga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berish masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Ayniqsa, ta’lim muassasalarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish, o‘quvchilarning bilim-salohiyatini yuksaltirish hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Prezident maktablari o‘quvchilarining yuqori bilim darajasi, xalqaro va respublika miqyosidagi yutuqlari, erishayotgan natijalari ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etayotgani ayni haqiqat.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi Prezident maktabida bo‘lib, ta’lim jarayonlari hamda o‘quvchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yilgan ta’lim tizimi yuqori baholanib, ushbu ilg‘or tajribani viloyatdagi umumta’lim maktablarida bosqichma-bosqich joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mas’ullarga birinchi bosqichda Termiz shahrida va Denov tumanida maktablarni tanlab olib, ularni xalqaro talablarga mos ravishda tayyorlash hamda taqdimot qilish vazifalari yuklatildi.
Shuningdek, viloyat rahbari o‘quvchilar va xorijdan jalb etilgan o‘qituvchilar bilan suhbatlashib, yoshlarning kelgusidagi rejalari va oldiga qo‘ygan maqsadlari bilan qiziqdi, faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi. Bu kabi muloqotlar yoshlarni yanada rag‘batlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Berilgan topshiriqlar, yuklatilgan vazifalar o‘z vaqtida bajarilsa, har qanday sohada o‘zgarish, rivojlanish kuzatiladi. Yuqorida yuklatilgan vazifalar ijrosi o‘laroq Termiz shahar hokimi boshchiligida shahardagi barcha umumta’lim maktablari direktorlari ishtirokida kengaytirilgan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda maktab o‘quvchilarining ta’lim sifati, davomat ko‘rsatkichlari, fanlarni o‘zlashtirish darajasi hamda o‘quv jarayonida uchrayotgan muammolar tanqidiy-tahliliy ruhda atroflicha ko‘rib chiqildi. Har bir maktab kesimida natijalar muhokama qilindi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, nazorat tizimini kuchaytirish hamda o‘quvchilarning bilim olishiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish, o‘qituvchilarning mas’uliyatini oshirish, o‘quvchilar bilan individual ishlashni kuchay-tirish masalalariga alohida urg‘u berildi. Yoshlarning darslarga qiziqishini oshirish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda past o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan manzilli ishlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muhokamalardan so‘ng, shahar hokimi va ta’lim sohasi mutasaddilari Termiz shahridagi Prezident maktabida bo‘lib, u yerdagi ilg‘or tajribalarni boshqa maktablar faoliyatiga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi. Direktorlar va mas’ullar tomonidan o‘quvchilar uchun yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy ta’lim muhitini yaratish, ta’lim sifatini oshirish va natijadorlikka erishish borasida taklif va mulohazalar bildirildi.
Ta’lim tizimidagi islohotlar faqat umumiy o‘rta ta’lim bilan cheklanib qolayotgani yo‘q, balki professional ta’lim muassasalarini ham qamrab olmoqda. Prezidentimiz qarorlari asosida texnikumlar faoliyatini zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish, ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqqan holda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan samarali tizimlar joriy etilmoqda.
Viloyat hokimi Termiz shahri-dagi 2-son texnikumi hamda Termiz tumani texnikumida bo‘lib, ularning moddiy-texnik bazasi, ta’lim jarayonlari, o‘quvchilar va ishsiz fuqarolarni kasbga o‘qitish ishlari bilan tanishdi. Texnikum rahbarlari tomonidan mavjud ta’lim yo‘nalishlari, erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. Xususan, Termiz tumani texnikumini rekonstruksiya qilish va uni Surxondaryo ilg‘or mahorat texnikumiga aylantirish bo‘yicha loyiha takliflari muhokama qilindi.
“Surxon tongi”

