Uzun tumanining “Yangi kuch” mahallasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Mahallada istiqomat qiluvchi tadbirkor dehqon Shavkat Usmonov hokim yordamchisi ko‘magida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 33 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘iga ega bo‘ldi.
Ajratilgan kredit hisobiga tadbirkor 10 sotix yer maydonida zamonaviy issiqxona tashkil etib, qulupnay yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Mahsulotlar agrotexnik talablar asosida parvarishlanayotgani sababli bugungi kunda bozor talabiga to‘liq javob bermoqda va xaridorlar orasida yuqori qiziqish uyg‘otmoqda.
Natijada, Shavkat Usmonov oilasi uchun barqaror daromad manbayi shakllanib, daromad hajmi izchil oshib bormoqda. Ushbu loyiha mahallada tadbirkorlik muhitini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va oilaviy daromadlarni ko‘paytirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Eng muhimi, bu tashabbus boshqa fuqarolar uchun ham namuna bo‘lib, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga undamoqda.

