So‘nggi yillarda O‘zbekistonda gender tengsizligini bartaraf etish masalasi davlat siyosatining muhim va ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Jamiyat taraqqiyotining muhim mezonlaridan biri bo‘lgan ayollar va erkaklar o‘rtasidagi teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash masalasi endilikda nafaqat ijtimoiy muammo, balki strategik rivojlanish omili sifatida qaralmoqda. Xususan, gender siyosati muammolari, gender tadqiqotlari hamda “ayollar muammosi” bilan bog‘liq masalalarning rasmiy darajada kun tartibiga kiritilishi bu boradagi yondashuv tubdan o‘zgarganidan dalolat beradi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida xotin-qizlar masalasi asosan ijtimoiy himoya doirasida ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, bugungi kunda u ayollarning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki, qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etilishi, iqtisodiy mustaqilligi va huquqiy ongini oshirish bilan chambarchas bog‘langan holda talqin etilmoqda. Davlat tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlar xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan aniq mexanizmlarni belgilab bermoqda.
Gender tengligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlar qatorida xotin-qizlarning ta’lim olish huquqini kengaytirish, mehnat bozorida ularning raqobatbardoshligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, oiladagi va jamiyatdagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni alohida ta’kidlash lozim. Ayniqsa, ayollarni huquqiy jihatdan himoyalashga qaratilgan qonuniy hujjatlarning qabul qilinishi ularning jamiyatdagi mavqeyini mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda. Bundan tashqari, gender tadqiqotlarining rivojlanishi ham e’tiborga molik. Ilmiy doiralarda gender masalalarini chuqur tahlil qilish, muammolarning ildizini aniqlash va ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish davlat siyosatining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Gender tengsizligi faqat huquqiy masala emas, balki madaniy, ma’naviy va psixologik omillar bilan bog‘liq murakkab ijtimoiy hodisa ekanini anglash tobora keng tarqalmoqda.
Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyat tafakkurida ham o‘zgarishlarni talab etadi. Chunki qonun va qarorlar qanchalik mukammal bo‘lmasin, agar ular jamiyat ongida qo‘llab-quvvatlanmasa, kutilgan natijani bermaydi. An’anaviy qarashlar, stereotiplarni asta-sekin bartaraf etish, erkaklar va ayollarni jamiyat rivojining teng sheriklari sifatida qabul qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda ta’lim tizimi, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining roli beqiyosdir.
Ayollar huquqlarining qonuniy asosda mustahkamlanishi, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligining oshishi jamiyat barqarorligi va taraqqiyotiga xizmat qiladi. Biroq bu yo‘l bir martalik choralar bilan cheklanmaydi; u uzluksiz jarayon bo‘lib, doimiy tahlil, tanqidiy yondashuv va yangilanishni talab etadi.
Eng muhimi, gender tengligi faqat ayollar manfaati uchun emas, balki butun jamiyat ravnaqi uchun zarur ekanini anglashdir.
Nigora Turopova,
TerDu Iqtisodiyot fanlari bo’yicha falsafa doktori

