Toshkentdagi “CAEx” xalqaro ko‘rgazmalar markazida o‘z ishini boshlagan “Ipak yo‘lida turizm” 30-yubiley xalqaro turizm yarmarkasi bu yil ham dunyoning turli mintaqalaridan kelgan mutaxassislar va sayyohlik sohasi vakillarini bir maydonga jamladi. Yarmarka O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan turizm bozori, innovatsion yondashuvlari va yangi yo‘nalishlari bilan tanishish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tantanali ochilish marosimidan so‘ng mehmonlar mamlakatlar va hududlar tomonidan tashkil etilgan rang-barang stendlar bilan tanishdilar. Ular orasida Surxondaryo viloyati pavilyoni o‘zining yorqin milliy koloritiga ega bezaklari, ko‘hna tarixidan hikoya qiluvchi eksponatlari va vohaga xos gastronomik an’analari bilan ajralib turdi.

Vohaga bag‘ishlangan maxsus stend xorijiy sayyohlar, investorlar va turoperatorlarda katta qiziqish uyg‘otib, Surxondaryoning boy madaniy merosi, tabiiy maskanlari va etno-turizm imkoniyatlarini keng yoritib berdi. Mehmonlar Termiz arxeologiya majmuasi, Boysun folklor merosi, “Omonxona” davolash maskani, zarbdor tog‘ yo‘llari kabi yo‘nalishlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Yarmarkaning ilk kunidayoq turizm industriyasi vakillari o‘rtasida bir qator hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Yangi qo‘shma loyihalar, qo‘shimcha charter reyslar, hududlararo tur paketlar va tematik marshrutlarni ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Bu esa vohaning xalqaro turizm bozoriga chiqish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
30 yillik tarixga ega yarmarka 29-noyabrgacha davom etib, O‘zbekistonning global turizm landshaftidagi mavqeyini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Surxondaryoning faol ishtiroki esa mamlakat janubining kelajakdagi sayyohlik markazlaridan biriga aylanish yo‘lida muhim qadam bo‘lib qolmoqda.

