Silai rahm – umr barakasi

Date:

Islom ta’limotida insonlar o‘rtasidagi munosabatlar, ayniqsa, qarindoshlik rishtalarini mustahkam ushlab turish muhim o‘rin tutadi. Shu munosabat bilan “silai rahm” atamasi – qarindosh-urug‘ bilan aloqalarni uzmaslik, ularga yaxshilik qilish va mehr-oqibat ko‘rsatish kabi amallarni anglatadi. Bu amal faqat axloqiy vazifa emas, balki dunyodagi baraka, rizq kengligi va umrning mazmunli o‘tishi kabi omillar bilan bog‘liq ekani islomiy manbalarda ta’kidlangan.

“Rahm” so‘zi o‘z lug‘aviy ma’nosidan tashqari tug‘ma qarindoshlikni anglatadi. “Sila” esa “bog‘lash”, “mustahkam ushlab turish” ma’nolarini bildiradi. Shu bois “silai rahm” – qarindoshlar bilan aloqani uzmaslik, ularga yordam berish, holidan xabar olish, mehribonlik va hurmat ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Bu amal moddiy yordam bilan cheklanib qolmay, qalbiy mehr, kechirimlilik, hasad va adovatdan saqlanish kabi ma’naviy jihatlarni ham qamrab oladi.

Islom ta’limotida qarindoshlik rishtalarini uzish katta gunoh sifatida qayd etilgan bo‘lib, bu borada Qur’on va hadislarda keskin ogohlantirishlar mavjud.

Jumladan, “Nahl” surasining 90-oyatida “Albatta, Alloh adolatga, ehsonga, qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etadi va fahshu munkar (ishlardan) hamda zulmkorlikdan qaytaradi. U sizlarga va’z qiladi. Shoyadki, eslasangiz” – deyilgan.

Mazkur oyat haqida Abdulloh ibn Mas’ud roziallohu anhu shunday rivoyat qiladi: “Qur’ondagi eng jamlovchi oyat shu oyatdir. Ergashiladigan yaxshilikni ham, chetlanishi lozim bo‘lgan yomonlikni ham jamlab zikr qilgan”.

Darhaqiqat, Alloh buyurgan adolat bu – jamiyatda o‘zaro odilona muomalada bo‘linish demakdir. Hamma teng huquqli va barcha uchun o‘lchov bir. Aynan mana shu adolat mezonining oiladagi barqarorligi yoki beqarorligi qarindoshlar o‘rtasidagi munosabatlar darajasini belgilaydi. Agar u barqaror bo‘lsa, silai rahm mustahkamlanib boraveradi. Chunki o‘zaro adolat muhitida ulg‘aygan farzandlar bir-biriga nisbatan o‘zaro mehr-muhabbatda ulg‘ayadi. Agar adolat tarozisining o‘lchovi buzilsa, u holda qalblarga kina-kudart urug‘i sepilgan bo‘ladi. Mana shu kina-kudrat urug‘i esa yillar o‘tib, farzandlar uyli-joyli bo‘lganda, o‘zining achchiq mevasini beradi.

“Ehson” esa o‘zaro yaxshilik qilish ma’nosini anglatadi. Odatda, bizlar “ehson” deganda, muayyan moddiyatni tushunamiz. Aslida shirinso‘z, tabassum, jahl chiqqanda sukut saqlash, nafs ustun kelganda, o‘zni tiyish kabilar ham ehsonning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Masalan, shirinso‘z yoki bir tabassum ortidan bir inson ko‘ngli ko‘tarilsa, g‘azab vaqtida sukut saqlash ortidan esa bir insonga ozor yetishining oldi olinadi.

Oilada ota-ona, farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning bardavomligi yuqorida qayd etilgan “oltin qoida” asosida olib borilsa, bu, albatta, nur ustiga nur.

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlarida: “Kim rizqi kengayishini va umri barakali bo‘lishini istasa, qarindoshlik aloqalarini saqlasin” – deyilgan.

Ulamolarning sharhlarida ta’kidlanishicha, bunda umrning faqat uzunligi emas, balki mazmunli, foydali va barakali o‘tishi nazarda tutiladi.

Darhaqiqat, inson o‘z vaqtidan yaxshiroq foydalansa, sog‘lig‘iga bee’tibor bo‘lmasa, tinchlikni ta’minlashga intilsa, yaxshilik qilishga talpinsa, qarindoshlar o‘rtasidagi hamjihatlikka sababchi bo‘lsa va boshqa Islom dini qadriyatlari doirasida hayot kechirsa, umrining barakasi bo‘ladi.

Silai rahm – musulmonning axloqiy, ijtimoiy va ma’naviy burchlaridan biri bo‘lib, u nafaqat qarindoshlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, balki inson umriga baraka, rizqiga kenglik va qalbiga xotirjamlik olib keladi. Qur’on va hadislar bu amalning fazilatini ochiq va ravshan bayon etgan. Shu sababdan har bir musulmon silai rahmni hayotining ajralmas qismiga aylantirishi lozim.

Olimjon Sevarov,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Elektron retsept” qanday ishlaydi?

Vazirlar Mahkamasining 570-son qaroriga muvofiq, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent...

 “Tenglik va hurmat” doirasida…

Ombudsman tashabbusi bilan viloyat Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish...

45 metrlik ko‘prik xizmatga shay

Boysun tumanidagi “Chilonzor” mahallasi hududidan o‘tuvchi Sherobod daryosi ustida...

Muloqot ko‘ngildagidek o‘tdi

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini tinglash, ularda ko‘tarilgan muammolarga...
KunTun
KunTun