Surxondaryoda tashkil etilgan Termiz tumanidagi “Innovatsion tomorqa maktabi” qisqa vaqt ichida yuqori samaradorlik ko‘rsatgani bois, Prezident topshirig‘iga muvofiq mazkur model endilikda butun respublika bo‘ylab joriy etilmoqda.
Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Toshkent, Navoiy va Buxoro viloyatlaridan tashrif buyurgan hokimlar, ularning o‘rinbosarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, usta-dehqonlar hamda tadbirkorlar ishtirokida keng qamrovli seminar o‘tkazildi.
Ishtirokchilarga bir yilda 5 martagacha hosil olish, yuqori daromadli sitrus mevalar, anjir, xurmo, gul, rozmarin kabi mahsulotlarni yetishtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan kurslar taqdim etildi. “Tomorqa maktabi”ning imkoniyatlari va amalda erishilgan natijalar ko‘rgazmali tarzda namoyish qilindi.
Seminar doirasida qatnashchilar Termiz tumanidagi “Leto” kompaniyasining eksportga yo‘naltirilgan ekinlar logistika markazi, Angor tumanida aholi xonadonlaridagi eksportbop mahsulot yetishtirish amaliyotlari, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida yoshlar uchun tashkil etilgan kasb, til va IT markazi hamda Qiziriq tumanidagi zamonaviy sug‘orish infratuzilmasi asosida yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlik loyihalari bilan tanishdilar.
Ikki kunlik seminar davomida respublikaning qolgan hududlari ham tajriba almashuv jarayoniga qo‘shiladi. “Termiz tajribasi” asosida har bir hududda kamida 5 tadan o‘quv-tajriba tomorqa maydoni tashkil etilishi belgilangan.
Mazkur tashabbus tomorqadan samarali foydalanish, daromadni oshirish va aholining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha amaliy bilimlarini kuchaytirishga katta turtki bo‘ladi.

