Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimizning “Soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, inson salomatligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir qator tibbiyot vakillari davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ldilar. Bu e’tirof sohiblari orasida Surxondaryo viloyatining to‘rt nafar tibbiyot fidoyilari ham borligi biz, surxondaryoliklar uchun faxr va iftixor manbayidir.
Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tibbiyot sohasida samarali faoliyat yuritayotgan, inson hayoti va sog‘lig‘i yo‘lida fidokorlik namunalarini ko‘rsatgan mutaxassislarni samimiy tabrikladi:
“Bugungi mukofotlar — bu nafaqat mehnatsevar tibbiyot xodimlarimizga bildirilgan e’tirof, balki sog‘lom jamiyat barpo etish yo‘lidagi ularning mashaqqatli, ammo sharafli mehnatiga bo‘lgan xalq minnatdorchiligining ifodasidir”, — deya ta’kidladi.
Viloyat rahbari orden va medallarni egalariga tantanali ravishda topshirar ekan, ularni yuksak e’tirof bilan qutlab, sohada yanada yangi yutuqlar va kasbiy parvozlar tiladi.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan tibbiyot fidoyilari — bu inson hayotiga sadoqat, mehr va vafoning timsoli aslida . Ularning mehnati esa sog‘lom kelajakka poydevordir

