Imkon keng, marra bizniki!

Date:

Har qanday davlatning ertangi kuni, uning milliy taraqqiyoti, iqtisodiy qudrati va ma’naviy yuksalishi, avvalo, bilimli, yetuk va barkamol avlodga tayanadi. Zero, ta’lim-tarbiya tizimini isloh qilmasdan turib jamiyatni isloh qilib bo‘lmaydi. Bugun “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” shiori hayotimizning har bir jabhasida o‘z aksini topmoqda. Ta’limdagi har bir o‘zgarish inson hayotida yangi imkoniyat eshigini ochayotgani, jamiyatimizda umid va ertangi kunga qat’iy ishonch tuyg‘usini mustahkamlab borayotgani sezilib turibdi. 2025-yilga kelib maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrov darajasi 80 foizdan oshdi. Bu oddiy raqam emas, balki ming-minglab bolalarning teng imkoniyat asosida ta’lim-tarbiya olish huquqi ta’minlangani, yuz minglab ota-onalarning qalbidan tashvishlar arib, farzandlarining baxtli kelajagiga ishonchi mustahkamlangani demakdir.
Bog‘chalarda endilikda zamonaviy metodlar, ilg‘or pedagogik yondashuvlar, chet tillarini o‘rgatish amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Bu yangiliklar nafaqat bolalar, balki ota-onalarning dunyoqarashini ham o‘zgartirdi. Ko‘pchilik ota-onalar endi farzandini faqatgina parvarishlash uchun emas, balki bilim va ko‘nikmalar maktabiga olib borayotganini anglab yetdi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi islohotlar esa butun jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy hayotiga yangi ruh olib kirdi. Yangi maktablarning qurilishi, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, darsliklarni yangilash, ta’lim dasturlarini xalqaro andozalarga moslashtirish – bularning barchasi maktab o‘quvchisining dunyoqarashi, tafakkuri, orzu-intilishlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib bormoqda.
Oliy ta’lim tizimidagi yangila-nishlar esa butun jamiyat tafakkurini yangilayotgan eng muhim o‘zgarishlar qatoriga kiradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarining soni 212 tadan oshdi. Shu jumladan, ko‘plab xorijiy universitetlarning filiallari ochildi, qo‘shma fakultetlar tashkil etildi. Bu o‘zgarishlar nafaqat yoshlar, balki butun jamiyat hayotiga kirib keldi. Oliy ta’limda kredit-modul tizimi joriy qilinishi, xalqaro reytinglarga kirish maqsadi, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga katta e’tibor qaratilishi ta’lim sifati va mazmunini tubdan o‘zgartirdi. Endi talabalar bilim olish jarayonining faol ishtirokchisiga aylanmoqda, mustaqil izlanish, yangilik yaratish, ilmiy salohiyatini namoyon etish imkoniga ega bo‘lyapti. Bugun elektron ta’lim platformalari, onlayn kutubxonalar, masofaviy o‘qitish tizimlari kundalik hayotimizning bir qismiga aylangan. Endi ota-ona farzandining darslarini onlayn kuzatishi, talaba esa dunyoning istalgan burchagida turib o‘qishni davom ettirishi mumkin. Bu esa ta’limdagi imkoniyatlarni yanada kengaytirmoqda.
Bugungi ta’lim islohotlari ertangi kunimizni belgilab beradigan poydevor sifatida xizmat qilmoqda. Shunday ekan, ta’limga qaratilayotgan har bir e’tibor, ajratilayotgan investitsiyalar, amalga oshirilayotgan har bir islohot aslida kelajakni bunyod etish demakdir.

O‘lmas Jo‘rayeva,
TerDU “Fuqarolik jamiyati” kafedrasi mudiri,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Qahramon”ning qiyofasi o‘zgarmoqda

Yurtimizda mahallalarni obod qilishga qaratilgan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani”...

Yoshlar — ilm va innovatsiya chorrahasida

Yurtimizda Prezident tashabbusi bilan ta’lim, fan va ishlab chiqarish...

Mening hissam

Yoshlar orasida kitob o‘qish madaniyatini rivojlantirish, o‘quvchi va talabalar...

Adolat va halollik—bosh mezon

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan...
KunTun
KunTun