Sanoatsiz davlat iqtisodiyoti rivojlanishi mushkul. Sanoat rivojlansa, ishlab chiqarish kengayadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, aholining hayoti farovonlashib, har jihatdan o‘zgarish va yangilanish kuzatiladi.Shu jihatdan, bugungi kunda sanoat sohasini modernizatsiya qilishga, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga alohida ahamiyat qaratilayotir. Ayniqsa, bu borada xalqaro hamkorlik, investitsiya tikish va yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish ham yaxshi natija beradi.
Xususan, Surxondaryo viloyati soha rivojlanishi hisobiga yirik sanoat markaziga aylanib bormoqda. «Termiz xalqaro savdo markazi» hududida Surxondaryo viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Raqamli transformatsiya markazi, «Airitom Free Zone», O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasi hamda «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasining ochilishi ham bur borada muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin.
Yarmarkaning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, xolding kompaniyalari, ishbilarmon doiralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Shuningdek, Afg‘oniston davlatidan tashrif buyurgan rasmiy delegatsiya a’zolari ham marosimda qatnashdilar.
Tadbirni ochib bergan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sherzod Rajabov mamlakatimizda sanoat sohasini rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tadbirkorlar faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi.
— Termiz xalqaro savdo markazi nafaqat mintaqaviy savdo va ishlab chiqarish maydoni, balki Afg‘oniston bilan o‘zaro iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda ham muhim ko‘prik vazifasini o‘tamoqda, — deydi Sherzod Rajabov. — Bugungi yarmarka Surxondaryo sanoatining salohiyatini namoyon etish, yangi sherikliklar o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni boshlash uchun keng imkoniyat yaratadi.
Afg‘oniston delegatsiyasi vakillari ham bu kabi yirik sanoat yarmarkalarining tashkil etilishi ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro savdoni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.
Ikki kun davom etadigan yarmarkaning asosiy maqsadi — mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda yangi buyurtmalar portfelini shakllantirishdan iborat.
Yangi buyurtmalar portfeli shakllantiriladi
Date: