Oila — insonning birinchi maktabi, kitob esa bu maktabning eng sodiq ustozidir. Agar uyda kitobning hidi, varaqlar shovqini, o‘qilgan asarlar ustida suhbatlar yangrasa, demak, o‘sha xonadonda farzandning tafakkuri, dunyoqarashi, ma’naviy olami ravnaq topayotganidan dalolat.Yoshlar kattalarning harakatini emas, ularning odatini o‘zlashtiradi. Agar ota-ona kitob o‘qishga vaqt ajratsa, bola ham o‘z-o‘zidan mutolaaga mehr qo‘yadi. Bunday oilada bola fikrlashni, so‘z boyligini kengaytirishni, hayotni chuqurroq anglashni o‘rganadi.
Kitobxon oila farzandining ustunligi faqat bilimda emas — u odobda, muloqotda, insoniylikda ham boshqalardan ajralib turadi. Chunki kitob inson ruhini tarbiyalaydi, unda mehr, sabr, vatanparvarlik, halollik kabi qadriyatlarni uyg‘otadi.
Bugungi kunda yoshlarimizni kitobga oshno etish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Kitob — bu inson tafakkurining quroli, millat ma’naviyatining asosi. Shu bois mamlakatimizda “Yosh kitobxon”, “Eng faol kitobxon”, “Yosh kitobxon oila” kabi tanlov va tashabbuslar keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda. Ularning barchasi bir maqsadga — o‘qish, fikrlash va o‘z ustida ishlashni odatga aylantirgan avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon oila” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi esa jamiyatda kitobga muhabbatni kuchaytirish, oilalarda ma’naviy muhitni yanada boyitish sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi deyish mumkin. Bu tanlov — nafaqat raqobat, balki o‘zaro o‘rganish, tajriba almashish, eng muhimi, kitobni hayot tarziga aylantirish imkonidir.
Tanlovning “Badiiy asarlar bilimdoni” shartida so‘z sehrini his etgan oilalar sinovdan o‘tdi. Boshqacha aytganda, bu shart ishtirokchilarning badiiy adabiyotga bo‘lgan muhabbati, o‘qigan asarlarini chuqur anglash darajasini sinovdan o‘tkazdi. Unda qatnashuvchilarning o‘qigan asarlari, ularning mazmuni, qahramonlar obrazini tahlil qilish, yozuvchi uslubini anglash va hayotiy saboqlarni chiqara bilish qobiliyati baholandi. Bunda nafaqat kim ko‘p kitob o‘qigani, balki kim kitobni his etib, fikrlab o‘qiganini aniqlashga xizmat qildi.
“Tezkor savol-javob” shartida esa bilim, tafakkur va ziyraklik sinovdan o‘tdi. Bu tanlovning eng qiziqarli va jonli bosqichlaridan biridir. Unda ishtirokchilarga qisqa vaqt ichida turli yo‘nalishlarda savollar berildi. Bunda ishtirokchilarning fikrlash tezligi, mantiqiy yondashuvi va umumiy bilim darajasi aniqlandi.
Qiziqarli va mazmunli kechgan ko‘rik-tanlovda 1-o‘rinni muzrabotlik Javmirov qo‘lga kiritdi va tanlovning respublika bosqichiga ishtirok etadigan bo‘ldi.
— Bugun biz uchun unutilmas kun, — deydi Otabek Javmirov. — “Yosh kitobxon oila” tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritish — bu nafaqat g‘alaba, balki yillar davomida yuragimizda ulg‘ayib kelgan kitobga bo‘lgan mehrning e’tirofi, mehnatimizning samarasidir. Biz har kuni kechqurun birgalikda kitob o‘qiymiz, har bir sahifada hayotiy saboqlarni topamiz. O‘qigan asarlarimizdan o‘z hayotimiz uchun yo‘l-yo‘riq, ishonch va ma’naviyat hissini tuyamiz. Kitob o‘qib kam bo‘lmadik, yuksaldik, o‘sdik.
“Yosh kitobxon oila” tanlovi shuni anglatsinki — kitob insonni o‘zgartiradi, oilani birlashtiradi, jamiyatni yuksaltiradi. Kitob orqali har bir yosh-u katta orzu qilishni o‘rgansiz, mehrni his qilsin, hayotni anglasin. Kitobni sevgan oila — baxtli oila, kitobni o‘qigan millat — buyuk millat! Shunday ekan, har bir oila o‘z uyi devorlariga faqat rasmlar emas, kitob javonlarini ham bezak qilsa, bu — kelajak avlod tafakkuriga eng katta sarmoya bo‘ladi.
“Surxon tongi”