Qish faslining yaqinlashuvi bilan har bir xonadon egasi o‘z uyi, oilasi va yaqinlarining tinchligi haqida o‘ylaydi. Ayniqsa, sovuq kunlarda uylarni isitish, gaz plita va qozonlardan foydalanish jarayonida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish nihoyatda muhim. Chunki so‘nggi yillarda aynan gazdan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida kelib chiqayotgan baxtsiz hodisalar soni kamaymagan — zaharlanish, portlash va yong‘inlar odamlar hayotiga xavf tug‘dirayotgani kuzatilmoqda.
Shu bois, Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan “Yo‘ng‘indan ogohlik” umumilliy kampaniyasi doirasida aholiga gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, ularni muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazish va xavfsizlik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Gaz jihozlarini faqat soz holatda ishlating.
Har bir isitish moslamasi yoki gaz plitasi ishlatishdan oldin mutaxassis tomonidan tekshirilgan bo‘lishi kerak. Noto‘g‘ri ulangan yoki eski jihozlardan foydalanish xavfli oqibatlarga olib keladi.
Ventilyatsiya va mo‘rilarni doimo ochiq tuting.
Havoning erkin aylanishi gaz va yonish mahsulotlarini chiqarib yuboradi. Agar mo‘rilar berkilsa yoki to‘silsa, karbonat angidrid (CO) yig‘ilib, odamlarni zaharlashi mumkin.
Gaz sizib chiqayotganini sezsangiz, darhol choralar ko‘ring! YA’ni:
Gazning o‘ziga xos hidi bo‘ladi. Agar shunday hid sezilsa — barcha jihozlarni o‘chiring, derazalarni oching, elektr qurilmalarini yoqmang va 104 yoki 1050 raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling.
Jihozlarni o‘zboshimchalik bilan o‘rnatmang yoki ta’mirlamang.
Gaz tarmog‘i bilan bog‘liq har qanday ishni faqat maxsus o‘qitilgan mutaxassislar bajarishi mumkin. Bu sizning hayotingiz uchun kafolatdir.
Bolalar va keksalarni ogohlikka o‘rgating.
Uyda har bir kishi gaz jihozlari bilan qanday muomala qilishni bilishi kerak. Kichik beparvolik katta falokatga sabab bo‘lishi mumkin.
Qish mavsumida isitish jihozlaridan foydalanganda, elektr simlari, pechlar va gaz asboblarining xavfsizlik holatiga alohida e’tibor berish lozim. Issiqlik manbalari yaqinida yonuvchi moddalarni saqlamaslik, gaz plitasini uzoq vaqt nazoratsiz qoldirmaslik ham muhimdir.
Shuningdek, FVB xodimlari tomonidan aholi yashash hududlarida profilaktik reydlar o‘tkazilib, fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Uylarda yong‘in o‘chirgich asboblari mavjudligi va ularning ishlash holati ham tekshirilmoqda.
Har bir fuqaro o‘zining va yaqinlarining xavfsizligi uchun javobgarligini his qilishi zarur. Qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, gaz jihozlaridan to‘g‘ri va ehtiyotkorlik bilan foydalanish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish — bu faqat majburiyat emas, balki hayotni asrashning eng ishonchli yo‘lidir.
Unutmang: “Ogohlik — hayot garovi!” Favqulodda vaziyatlarda esa darhol 101 yoki 1050 raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling!
Surxondaryo viloyati FVB axborot xizmati