Kreditlar ajratish tartibi belgilandi

Date:

O‘zbekiston hukumati qarori bilan “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarga kreditlar ajratish tartibini belgilovchi nizom tasdiqlandi. Ushbu hujjat “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilib, kambag‘al oilalarning iqtisodiy faolligini oshirish va ularni mustaqil daromad manbayiga ega qilishga qaratilgan.

Dastur doirasida AT “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” ATB tomonidan oilalarga zarur vositalarni sotib olish uchun kreditlar ajratiladi. Jumladan, ta’lim va bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida noutbuk sotib olish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun kichik ishlab chiqarish uskunalari xarid qilish hamda daromad topishga xizmat qiladigan ko‘chma do‘kon, motoroller, skuter va boshqa vositalarni olish.

Ariza topshirish jarayoni ham soddalashtirilgan. Qarz oluvchi mustaqil ravishda yoki zarur hollarda “mahalla yettiligi” ko‘magida platforma orqali kredit uchun murojaat qiladi. Ariza 1 ish kunida ko‘rib chiqiladi, maxsus biriktirilgan rahbar esa 5 ish kunida joyiga chiqib holatni o‘rganadi va qaror qabul qiladi.

Kredit shartlari aholining imkoniyatlarini hisobga olgan holda 15 million so‘mgacha bo‘lgan noutbuk xaridi uchun – 5 yil muddatga, 2 yil imtiyozli davr bilan, 30 million so‘mgacha bo‘lgan ishlab chiqarish uskunalari yoki vositalar uchun – 5 yilgacha bo‘lib to‘lash sharti belgilangan.

Mazkur qaror nafaqat kambag‘al oilalarning moddiy imkoniyatlarini kengaytiradi, balki ularning ijtimoiy faolligini ham oshiradi. Bir oilaning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi — butun mahallada bandlikni ta’minlash, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish demakdir. Yoki bir o‘quvchining noutbuk orqali ta’lim olish imkoniga ega bo‘lishi — ertangi kunda raqobatbardosh mutaxassislar safini kengaytiradi.

“Mahalla yettiligi” ishtirokida arizalar ko‘rib chiqilishi ham aholining bevosita jarayonga jalb etilishini, qarorlarning mahalliy sharoit va ehtiyojlarga mos ravishda qabul qilinishini ta’minlaydi. Shunday qilib, ushbu dastur kambag‘al oilalarning muammolarini qisqa muddatli yordam bilan emas, balki ularni uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikka olib chiqish orqali hal etishga xizmat qiladi. Bu — jamiyatda adolat, teng imkoniyat va farovonlik sari qadamdir.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Termizda yangi hayot nafasi

Termiz shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari nafaqat shahar qiyofasini...

103 xizmati faoliyati raqamlarda

Termiz davlat universiteti qoshida 103 xizmati yo’lgan qo’yilgan. Ushbu...

Yong‘in-qutqaruv salohiyati yangi bosqichda

Aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga...

Qurilish ishlari reja-grafikdan ortda…

Termiz shahridagi “Manguzar” mahallasida Davlat Investitsiya dasturi doirasida 504...
KunTun
KunTun