O‘zbekiston ta’lim tizimida so‘nggi yillarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, maktabgacha ta’limga alohida e’tibor qaratilib, bolalarni ilk yoshdan sifatli bilim va tarbiyaga jalb etish, tarbiyachilar mehnatini qadrlash hamda zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda. Shu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida Prezidentning Bo‘stonliq tumaniga tashrifi doirasida o‘qituvchi va murabbiylar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda bir qator muhim yangiliklar e’lon qilindi.
Endilikda davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilari o‘z ish joyidan ajralmagan holda oliy o‘quv yurtlarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Har yili 10 ming nafar tarbiyachi oliy ma’lumotli bo‘lib chiqishi rejalashtirilgan. Bu nafaqat tarbiyachilarning malakasini oshiradi, balki oliy va o‘rta ma’lumotli pedagoglarning oyligida mavjud tafovutga ham barham beradi. Shuningdek, xususiy bog‘chalarda faoliyat yuritayotgan tarbiyachilar ish haqi va bolalar ta’lim-tarbiyasi xarajatlarining ma’lum qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bu esa xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, sifatli raqobatni kuchaytirish va eng muhimi, bolalarga berilayotgan ta’lim-tarbiya darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yangilik – mamlakatimizning har bir viloyatida “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil etiladi. Bu maskanlarda tarbiyachilar zamonaviy pedagogik texnologiyalarni chuqur o‘rganib, amaliyotda qo‘llash imkoniga ega bo‘ladilar. Eng ahamiyatlisi, ushbu bog‘chalarning eshiklari nafaqat davlat, balki xususiy bog‘cha tarbiyachilariga ham ochiq bo‘ladi.
“Yangi avlod” bog‘chalari bolajonlar uchun zamonaviy ta’lim muhitini yaratibgina qolmay, tarbiyachilarning kasbiy o‘sishi va jamiyatdagi nufuzini oshirishda ham muhim rol o‘ynaydi. Bu tashabbus O‘zbekiston ta’lim tizimining kelajakka qaratilgan strategik qadamlaridan biri bo‘lib, yosh avlodning barkamol bo‘lib voyaga yetishida muhim omil bo‘ladi.