2025-yil 1-oktyabrdan boshlab O‘zbekistonda piyodalar uchun yo‘l harakati qoidalari yanada qat’iylashtiriladi. Endilikda piyodalar yo‘lni kesib o‘tayotganda diqqatni chalg‘ituvchi harakatlar sodir etganliklari uchun jarimaga tortiladi. Bu tartib, eng avvalo, inson hayotini asrash va jamiyatda yo‘l harakati madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.
Agar piyoda yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tsa, unga 125 000 so‘m miqdorida jarima qo‘llanadi. Yo‘lni kesib o‘tayotganda mobil telefon yoki boshqa gadjetlardan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Bu telefon orqali gaplashish, yozishmalarni o‘qish yoki yozish, hatto qo‘lda ushlab yurishni ham o‘z ichiga oladi.
Kitob, gazeta yoki jurnal o‘qib yo‘l o‘tish — hayot uchun xavfli bo‘lib, endi huquqbuzarlik hisoblanadi. Harakatlanayotganda video tomosha qilish, ijtimoiy tarmoqlarda surat ko‘rish yoki kontent tomosha qilish qat’iyan man etiladi.
Quloqchin orqali musiqa yoki podkast eshitib, yo‘l kesib o‘tish ham endi javobgarlikka sabab bo‘ladi. Boshqa har qanday elektron qurilmalarga diqqatni qaratish — masalan, planshet, elektron kitob, smart soatlar orqali yozishma yoki bildirishnomalarni tekshirish — ham taqiqlanadi.
Bu tartiblar birgina shaxs xavfsizligini emas, balki jamiyatda umumiy tartib va osoyishtalikni ta’minlashga xizmat qiladi. Hayotingiz — eng katta boyligingiz! Uni bir zumlik chalg‘ish evaziga xavf ostiga qo‘ymang.