Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Denov tumaniga tashrifi davomida aholi bilan bevosita muloqotni davom ettirdi. Tashrif doirasida viloyat, shahar va tumanlardagi studiyalar orqali fuqarolarning navbatdagi ommaviy onlayn qabuli o‘tkazildi.
Mazkur ochiq muloqotda 104 nafar fuqaro tomonidan 137 ta turli masaladagi murojaat bildirildi. Ularning 27 tasi qabul jarayonida joyida ijobiy hal etildi. Qolgan 110 ta murojaat esa tegishliligi bo‘yicha viloyat, shahar va tumanlar darajasidagi 130 dan ortiq rahbarlarga qonunchilik doirasida ko‘rib chiqish va belgilangan muddatlarda yechim topish vazifasi bilan topshirildi.
Qabul davomida murojaatlar asosan ijtimoiy himoya, bandlik, uy-joy, yer ajratish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va infratuzilmaviy muammolarni qamrab oldi.
Shuningdek, yig‘ilishda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining ijrosi muhokama qilinib, hududlarda olib borilgan o‘rganishlar asosida belgilangan vazifalarni jadallashtirish va ularni manzilli hal etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. Aholi bilan bunday ochiq muloqotlar viloyat rahbariyati tomonidan doimiy ravishda o‘tkazilib, har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilmoqda.