Olovdan hayotni asragan inson

Date:

2023-yil 16-noyabr. Jarqo‘rg‘on tumanidagi bir xonadonda kutilmaganda yong‘in kelib chiqdi. Olov tez tarqaldi va uy ichi qorong‘i to‘zonga aylandi. Hamma tashqaridan
xavotir bilan tomosha qilib turgan bir paytda, uy ichida kimdir qolib ketgan…
shu lahzada Alisher Suvanov alangaga tomon yuguradi. Chunki o‘t o‘chiruvchi uchun eng muhim vazifa — inson hayotini saqlab qolish. U maxsus himoya kiyimi va nafas olish apparati bilan o‘t orasiga kirib bordi. Har bir qadam xavfli. Ana shunday paytda ko‘ksini olovga tutib, oldinga yo‘l ochdi. Alanga, tutun orasida harakatlanish oson emasdi, biroq qutqaruvchi o‘z jonini unutgan holda faqat bir maqsad — inson hayotini saqlab qolish uchun kurashdi.
Bir necha daqiqali xavfli harakatdan so‘ng, u uy ichidagi xonada behol holda qolib ketgan fuqaroni topdi. Qutqaruvchi o‘t o‘chiruvchi-havo apparatidan unga havo yetkazib berdi va o‘z yelkasiga ko‘tarib, yong‘in o‘chog‘idan tashqariga olib chiqdi.
Aynan shu mardonavor harakati tufayli bir inson sog‘-salomat holda oilasi bag‘riga qaytarildi. Bu voqea nafaqat qutqaruvchining yuksak mahorat va jasoratini, balki inson hayotini hamma narsadan ustun qo‘yishini ham yaqqol namoyon etdi.
Bu hikoya inson qalbini hayajonga soladi. Haqiqatan ham, bu kasb – shunchaki ish emas, balki jasorat, matonat va fidoyilik sinovi. O‘t o‘chiruvchi yonayotgan uy, odamlar hayoti, bolalar orzularini qutqaradi.
Bir necha soniya – ular uchun eng katta boylik. Chunki olov qarshisida bir daqiqaning o‘zi ham butun boshli oilaning taqdirini o‘zgartirishi mumkin. Ularning qo‘lida shunchaki o‘t o‘chirish vositalari emas – bamisoli hayot kaliti.
Gap Jarqo‘rg‘on tumanida xizmat qilayotgan Alisher Suvanov haqida ketar ekan, qutqaruvchi o‘zining 27 yillik samarali mehnati, jonbozligi va vatanparvarlik fazilatlari bilan hamkasblari hamda aholi orasida chuqur hurmat qozongan. Albatta, inson o‘z kasbini sevsa, mehr qo‘ysagina, mehr, e’tibor, shuhrat qozonadi. Aks holda boshqa sohada o‘zni sinagan afzal.
Qahramonimiz ham kasbidan o‘zini ayro his eta olmaydi. Qachon bu iliqlikni, e’tiqodni ko‘ngliga singdirganini esa eslaganida, aniq javobni bera olmadi. Balki, bolaligida, kimdir uchuvchi, kimdir fazogir bo‘lishni, kimdir harbiy bo‘lmoqlikni orzulaganida o‘t o‘chiruvchi bo‘laman deya ahd qilgandir. Bu kasbning zalvarini murg‘ak qalbi ila his etgandir. Shu-shu Jarqo‘rg‘on farzandi maktab ta’limidan so‘ng, hunar-texnika bilim yurtini tamomlagach, mehnat faoliyatini qurilish va ishlab chiqarish sohalarida boshlab, hayotida to‘lmayotgan bo‘shliq borligini his eta boshladi. Oxir-oqibat, taqdiri FVV tizimiga bog‘lanib, ko‘ngli taskin topdi. Jonkuyar va fidoyi qutqaruvchi sifatida mamlakatimiz xavfsizligi va fuqarolar osoyishtaligi yo‘lida sofdillik bilan xizmat qila boshladi va sharaf ila faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda
A.Suvanov Jarqo‘rg‘on tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi 11-kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismida qutqaruvchi (yong‘in o‘chiruvchi) sifatida o‘z xizmatini sharaf bilan davom ettirmoqda.
Xizmat davri mobaynida u o‘zini faqat ijobiy tomondan namoyon qildi. O‘z kasbiga sadoqatli, mas’uliyatli va halol mehnat qiluvchi inson sifatida u ko‘plab sinovli vaziyatlarda qat’iyat ko‘rsatdi. Tabiiy va texnogen turdagi favqulodda holatlarni bartaraf etishda faol ishtirok etdi, yonayotgan binolar, xavf ostidagi insonlar hayoti uchun kurashdi. Uning qat’iyati va jasorati 69 ta yong‘in-qutqaruv ishlarida bevosita ishtirok etib, og‘ir sharoitlarda ham ortga chekinmaganligida namoyon bo‘ldi. Bu jarayonlarda u 13 nafar fuqaroning hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Alisher Suvanovning faoliyati faqat xavfli holatlarda ko‘rinmaydi. U tinch sharoitda ham yurtiga foyda keltirishni, odamlarni xatarli vaziyatlardan ogohlantirishni o‘z burchi deb biladi. So‘nggi yillarda u 500 dan ziyod xonadonlarga kirib, yong‘in xavfsizligi qoidalarini oddiy va tushunarli qilib tushuntirdi. Aholi bilan ochiq suhbatlar o‘tkazib, ularda xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga intildi. Bu ishlarni bajarishda u shunchaki xizmat vazifasini ado etibgina qolmadi, balki o‘zini jamiyat oldida mas’ul shaxs deb bildi.
Alisher Suvanov faoliyatida eng e’tiborga molik jihat shuki, u o‘z kasbini jon-dili bilan sevadi. Yong‘in o‘chiruvchining og‘ir, xavfli mehnatini sharaf deb biladi. Odamlar hayotini qutqarish esa uning uchun eng katta mukofotdir. Shu sababli ham u nafaqat xizmatdoshlarining, balki mahalla ahli va jamiyatning chuqur hurmatiga sazovor bo‘lgan.
Bugun Alisher Suvanov singari fidoyi insonlar tufayli xalqimiz tinch va osoyishta hayot kechirmoqda. Ularning mehnati ko‘pincha shov-shuvsiz o‘tadi, biroq har bir qutqarilgan hayot, har bir himoya qilingan oila — ularning xizmatiga eng yuksak bahodir.
— Ishimiz ham aqlan, ham jismonan tezkorlikni talab etadi, — deydi A.Suvanov. — Bir soniya ham to‘xtab qolishga, ikkilanishga haqimiz yo‘q. Bu biz uchun ham, bizga umid va najot ila boqayotgan qorako‘zlar uchun ham xiyonatdek gap. Shu sabab ham har bir chaqiruvga o‘zimni ruhan tayyorlayman. O‘zimni buyuk ishga safarbar etgandek, favqulodda holat joyiga shoshaman. Shukrki, ichki his-tuyg‘ularim, bilim va tajribam meni shu kungacha adashtirgani, pand bergani yo‘q.
A.Suvanovning jonbozligi nafaqat yong‘inlarda, balki boshqa favqulodda vaziyatlarda ham yaqqol namoyon bo‘ldi. 2022–2023-yillarda Jarqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan 17 ta yong‘inni bartaraf etishda faol ishtirok etdi. 2023-yil bahor oylarida kuchli yomg‘irlar natijasida aholi xonadonlari va ko‘chalarini suv bosishi oqibatlarini bartaraf etishda ham qahramonlik ko‘rsatdi.
Qahramonimiz xizmatdoshlari orasida faqat tajribali xodim emas, balki ustoz sifatida ham yuksak hurmatga ega. Uning chorak asrlik faoliyati davomida to‘plagan tajribasi va bilimlari bugungi kunda yosh qutqaruvchilar uchun haqiqiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Yoshlar uning har bir so‘zi, maslahati va ko‘rsatmalarida hayotiy saboq ko‘rishadi. U xizmatga yangi kirgan xodimlarga mas’uliyat, intizom va qahramonlik ruhini singdirib kelmoqda. Yosh qutqaruvchilar uning maslahatlariga amal qilib, xizmatda mardlik va insonparvarlikning qanday bo‘lishi kerakligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishmoqda.
A. Suvanov ko‘p yillar davomida o‘nlab yoshlarni sohaga tayyorlab, ularning munosib mutaxassis bo‘lib yetishishiga hissa qo‘shgan. Uning hayotiy tajribasi, mehr bilan bergan maslahatlari va samimiy muloqoti ortidan ko‘plab xodimlar o‘z kasbini chinakam sevib xizmat qilishga o‘rganishdi. Shu bois uni hamkasblari “ustoz”, “maslahatchi”, “tayanch inson” deb atashadi.
Ustoz sifatida u faqat kasbiy bilimlarni o‘rgatib qolmasdan, balki har bir xodimga insonparvarlik, hamkorlik va vatanparvarlik ruhini ham singdiradi. Uning qo‘l ostidan o‘tgan yoshlar bugungi kunda mas’uliyatli lavozimlarda sidqidildan xizmat qilishayotgani — qutqaruvchining ustozlik maktabining yorqin samarasidir.
Hayotini xalq xizmatiga bag‘ishlagan insonning qadr-qimmati nafaqat o‘z kasbiy faoliyatida, balki kundalik turmushida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yong‘in xavfi qarshisida dadil qadam tashlaydigan Alisher Suvanov kundalik turmushida ham elning oldi, qat’iyatli va samimiy insonlardan biridir. Alisher Suvanovning hayoti faqat xizmat bilan chegaralanmagani kabi u namunali oila boshlig‘i, farzandlariga mehribon ota sifatida ham barchaga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Mahallasida Alisher akani oqko‘ngil, insoniylik va samimiyat timsoli sifatida e’tirof etishadi, havas qilishadi. Mahalla ahli uni har doim maslahatgo‘y va ko‘makchi inson sifatida qadrlaydi.
U tuman miqyosida o‘tkaziladigan turli tadbirlarda faol ishtirok etib, yoshlarga vatanparvarlik, mardlik va el-yurtga xizmat qilish ruhini singdirishda o‘ziga xos o‘rnak bo‘la oladi. Uning nutqlarida samimiylik va sodda xalqona ohang ustuvor bo‘lib, bu jihati xizmatdoshlari hamda mahalla ahli bilan muloqotda yuksak madaniyat va insonparvarlik namunasi sifatida namoyon bo‘ladi. Shu boisdan, Alisher Suvanov nafaqat fidoyi xodim, balki mehribon ota, oqko‘ngil mahalladosh va yoshlarga vatanga daxldorlik hissini ulashuvchi, uqtiruvchi ustoz sifatida el nazarida katta hurmatga sazovor insondir.
Uning mehnat yo‘li — vatanga sadoqat, xalqqa xizmat qilish va inson hayotini saqlashdek olijanob qadriyatlarning yorqin namunasidir.
Hamkasbimiz Alisher Suvanovning xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib e’tirof etilib, unga yuksak mukofot – “Shuhrat” medali topshirilgani bejiz emas. Bu mukofot nafaqat uning fidokorona mehnati va mardonavor xizmatiga, balki insoniy fazilatlari, halol va sadoqatli hayot yo‘liga berilgan munosib bahodir.
Darhaqiqat, Alisher Suvanovning har bir xizmati, har bir sa’y-harakatida yurtga bo‘lgan sadoqat, xalqqa bo‘lgan mehr va Vatan tinchligi yo‘lida jonini ayamaydigan qat’iyat mujassam. U nafaqat o‘z xizmatdoshlari, balki keng jamoatchilik uchun ham haqiqiy jasorat va fidoyilik timsoliga aylandi.
Bugun “Shuhrat” medali uning ko‘ksida porlab turar ekan, bu mukofot nafaqat bir insonning sharafi, balki butun jamoamizning, butun xalqimizning g‘ururidir. Chunki bunday mukofotlar ortida mehnat, jasorat, insoniylik va el-yurtga xizmat qilishdek ulug‘ qadriyatlar yotadi. Shu bois, Alisher Suvanovning nomi fidoyilik va mardlik ramzi bo‘lish barobarida, uning hayot yo‘li yosh avlod uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Zulfiya SOHIBOVA,
Viloyat FVB Axborot xizmati yetakchi mutaxassisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ko‘p tarmoqli faoliyat — samaradorlik garovi

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan uzluksiz...

So‘zdan ma’noga: yoshlar lug‘at sirlarini o‘rganmoqda

Surxondaryo viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik haftaligi” doirasida “O‘zbek tilining...

Mansabdor ushlandi

Korrupsiyaga qarshi kurash izchil davom etayotganiga qaramay, ayrim mansabdor...

Jazosi og‘ir bo‘ladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bezorilik jinoyati uchun javobgarlikni kuchaytirishga...
KunTun
KunTun