So‘nggi yillarda yoshlarning suv sporti turlariga qiziqishini oshirish orqali iqtidorli sportchilarni tanlash va saralash tizimini takomillashtirish, malakali mutaxassis va hakamlar tayyorlash, milliy terma jamoalarimizning xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralib kelinmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-noyabrdagi “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining qabul qilinishi mazkur sport turini yanada rivojlantirish va ommaviyligini oshirishdagi muhim ijobiy qadamlardan biri bo‘ldi.
Termiz shahridagi “Delfin” suzish havzasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat Kengashi tashabbusi bilan viloyat Sport boshqarmasi hamda viloyat suzish Federatsiyasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining
34 yilligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan yoshlar o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston – yoshlar mamlakati” shiori ostida sportning suzish turi bo‘yicha “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashi kubogi” uchun sport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa ikki yosh toifasidagi 2007- hamda 2008-2010-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar 100 metrga erkin va chalqancha suzish, 50 metrga batterflay usulda suzishlariga to‘g‘ri keldi. Albatta, suzishning, suvda tanani mohirlik ila boshqara olishning ham zavqi bor. Jarayonni tomosha qilish ham, ishtirok etish ham maroqli.
Qizg‘in kurashlarga boy o‘tgan musobaqa yakunida 100 metrga erkin suzish bo‘yicha 2007-yil va undan katta erkaklar o‘rtasida birinchi o‘rinni Rahmiddin Sadriddinov egallagan bo‘lsa, ushbu masofaga ayollar o‘rtasida Mahliyo Jo‘raboyeva ildam bo‘ldi.
Chalqancha suzish ham kurashlarga boy bo‘lib, unda o‘g‘il-qizlar alohida guruhlarda bellashdilar. Suzishning ushbu turi bo‘yicha 100 metrga ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada Dinara Qurbonova, erkaklar o‘rtasida Abdusattor Baxavadinkulov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Suzishning batterflay turi bo‘yicha 50 metrga suzishda musobaqasida 2007-yil va undan katta erkaklar o‘rtasida Muhammadali Mansurov, 2008-2010-yillarda tug‘ilgan erkaklar o‘rtasida Oleg Starinin g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Murosasiz kechgan musobaqa g‘oliblariga tashkilotchilarning diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Sharofiddin TURDIYEV,
O‘KUF viloyat Kengashi raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha
maslahatchisi