BIR TIL — BIR INSON, IKKI TIL — IKKI IMKON

Date:

Bugungi globallashuv zamonida har bir inson oldida cheksiz imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Internet, xalqaro savdo, turizm, ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi integratsiya tufayli xorijiy tillarni bilish faqat “qo‘shimcha bilim” emas, balki muhim ehtiyojga aylanmoqda. “Bir til — bir inson, ikki til — ikki imkon” degan maqol har qachongidan ham dolzarb. Bu nafaqat til bilishning qiymatini, balki til orqali o‘zga madaniyat va imkoniyatlar olamiga kirib borish qudratini anglatadi.
Bugungi kunda mehnat bozorida raqobat kuchli. Oliy ma’lumotli bo‘lish — endi yetarli emas. Ish beruvchilar zamonaviy ko‘nikmalarga ega, xorijiy tillarni biladigan, jahon yangiliklaridan xabardor, erkin fikrlaydigan mutaxassislarni izlamoqda. Xususan, ingliz tilini yaxshi biladigan yoshlar IT, biznes, tibbiyot, huquq, turizm va boshqa ko‘plab sohalarda yuqori lavozimlarni egallab, xalqaro kompaniyalarda faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya kabi davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlik kuchaygan sayin ularning tillarini o‘rganish ham amaliy ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun internetda mavjud bo‘lgan ilmiy, ta’limiy resurslarning asosiy qismi ingliz, rus, xitoy yoki boshqa xorijiy tillarda. Tilni bilmaydigan foydalanuvchi bu bilim omboridan foydalanishda cheklovga duch keladi. Aksincha, xorijiy tilni bilgan inson istagan mavzuda mustaqil izlanadi, yangiliklardan tez xabardor bo‘ladi, onlayn kurslarda qatnashadi. Til bilgan inson bu bilim manbalarini o‘zlashtirib, o‘z sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassisga aylanishi mumkin.
Yurtimizda so‘nggi yillarda xorijiy tillarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro til markazlari, oliy o‘quv yurtlari, maktablar va mahalliy kurslarda xorijiy tillar o‘rgatilmoqda. Onlayn darslar, mobil ilovalar, kitoblar va audio materiallar orqali istalgan joyda til o‘rganish imkoniyati mavjud. Umuman aytganda, xorijiy til — bu bilim, imkoniyat, o‘sish va muvaffaqiyat kaliti. Har bir yosh, har bir ota-ona, har bir ustoz bu haqiqatni anglab yetishi kerak. Yoshlarga, ayniqsa, til o‘rganish odatiy mashg‘ulot, kundalik ehtiyoj bo‘lib kirib kelishi zarur.
Bugun siz birinchi so‘zlarni o‘rganasiz, ertaga esa chet elda tahsil olasiz, dunyo bilan raqobatlasha olasiz. Har bir yangi o‘rganilgan so‘z — bu yangi imkoniyat eshigidir.

Husniddin Ruziyev,
Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“MyGov” ma’lumotlari qog‘oz hujjatga tenglashtiriladi

Prezidentning 8-sentabr kuni imzolangan PF–157-son farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabrdan...

Pensiya yoshi oshadimi?

Yurtimizda minimal pensiya yoshini oshirish rejalashtirilayotgani haqida Pensiya jamg‘armasi...

Mustahkam oila – jamiyat barqarorligining asosi

Bugungi kunda ajralishlarning ortib borishi nafaqat oilalarning, balki butun...

Talabalar diktant yozdi

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida ta’lim sifatini oshirishga...
KunTun
KunTun