Surxondaryo hududi tarixiy va betakrordir. O‘rta Osiyoning yuragi hisoblangan bu yerda ko‘plab tarixiy yodgorliklar joylashgan. Ulardan biri Fayoztepa yodgorligi hisoblanadi.Ushbu yodgorlik Vihara tipidagi ibodatxona hisoblanib, u Eski Termiz shahar xarobalarining shimoliy-g‘arbida, Qoratepa buddaviylik inshootlari majmuasidan 1 kilometr shimoliy-sharqda joylashgan.
Fayoztepa yodgorligining ochilishi 1968-yilning bahorida cho‘pon Absad Beknayev tomonidan mergeliy ohaktoshidan ishlangan budda sanamini ko‘chma qum ustidan topib, Termiz o‘lkashunoslik muzeyiga topshirishidan boshlandi. Shundan so‘ng, bu yodgorlikni o‘rganish ishlari boshlanib ketadi. Fayoztepa maydoni ko‘chma qumlar uyumidan tozalangach, uning me’moriy tarxi ochiladi. Shundan so‘ng, yodgorlik 3 qismdan iborat monumental inshoot, ya’ni markaziy qismida ibodatxona, shimoli-g‘arbida monastir, janubi-sharqida esa xo‘jalik qurilish inshootlaridan iborat ekanligi aniqlangan.
Fayoztepa ibodatxonasi tarkibining asosiy qismlaridan biri stupa hisoblanadi. U boshqa buddaviy ibodatxonalarining stupasidan farq qiladi. Chunki Fayoztepa stupasi ibodatxona hovlisining markazida emas, tashqarisida, muqaddas sajdagoh bilan bir parallel chiziqda joylashgan. Ular o‘zaro hovli maydonini kesib o‘tgan g‘isht va mergeliy toshi yotqizilgan yo‘lakcha bilan bog‘langan.
Ibodatxonaning muqaddas sajdagohida Budda haykali (Bodxistava) joylashgan bo‘lib, sajdagoh devorlari rang-barang
devoriy suratlar bilan bezatilgan. Hozirgi kunga qadar Fayoztepa yodgorligidan 100 dan ortiq sopol
buyumlariga yozilgan qadimgi hind yozuvlari namunalari topil-gan. Topilmalar asosan qizil bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan. Yod-
gorlik arxeolog L.Albaum hamda arxeolog T.Annayev boshchiligida to‘liq qazib ochilgan va ilmiy o‘rganilgan.
Gulshoda Fozilova,
Termiz davlat muzey qo‘riqxonasi Tabiat ilmiy bo‘limining bosh mutaxassisi