Aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida Surxondaryo viloyati Transport boshqarmasi tomonidan e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Yo‘lovchilarning jamoat transporti xizmatidan foydalanish samaradorligini oshirish, xavfsiz va arzon avtotransport xizmati ko‘rsatish hamda tirbandliklarning oldini olish maqsadida Termiz shahriga Termiz tumanining turli hududlaridan kirib kelayotgan M1 toifali, ya’ni 6 ta yo‘nalishli taksi (damas) yo‘nalishlari o‘rniga 2 ta M3 toifali SHAY-246-sonli “Termiz Istiqlol maydoni — “Yangiobod” mahallasi (Namuna, Yangiyer) va SHAY-303-sonli “Shimoliy avtoshoxbekat — Jayronxona sihatgohi” shahar atrofi avtobus yo‘nalishlari tashkil etildi. Bu esa, o‘z navbatida, hududlarni jamoat transporti orqali bog‘lashda muhim bo‘lib, aholiga hamda qatnab o‘qiydigan yoshlar uchun juda katta imkoniyat yaratildi deganidir.
Xizmat sifatini yaxshilash yo‘nalishlar bo‘yicha harakatla-nayotgan yo‘lovchi tashuvchi avtotransport vositalarining tartibli harakatini yo‘lga qo‘yish maqsadida viloyatimizning chekka va olis hududlari bo‘lmish Qiziriq va Sariosiyo tumanlarida yangi, zamonaviy, barcha qulayliklarga ega loyiha qiymati 2750,0 ming
so‘mlik avtoshoxbekatlar qurilib foydalanishga topshirildi va natijada 8 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, olis va chekka hududlarga avtobuslar qatnovini muntazam yo‘lga qo‘yish, norentabel yo‘nalishlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatib kelayotgan tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-yilda 3 ta shahar atrofi yo‘nalishi bo‘yicha tashuvchilarga qonunchilik talablari asosida 500,0 ming so‘m miqdorida subsidiyalar to‘lab berildi.
Bugungi kunda viloyatimiz bo‘yicha 135 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, ushbu yo‘nalishlar orqali qonunchilik talablari asosida litsenziya varaqalari bilan ta’minlangan 330 ta avtobus, 13 ta mikroavtobus va 1552 ta damas hamda o‘zini-o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarga tegishli 14 550 ta to‘rt o‘rindiqli yengil avtomobillar bilan yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Ular 53 ta yo‘nalishda joylashtirilgan va tadbirkorlarga biriktirib berilishi hisobiga 483 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Yurtimizda jamoat transporti tizimini isloh qilish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Termiz shahrida jamoat transportida xizmat sifatini yaxshilash uchun yo‘nalishlarda harakatlanayotgan avtobuslarning oraliq interval vaqtlarini qisqartirish va avtobuslarning belgilangan bekatlarga to‘xtab o‘tishini ta’minlash hamda yo‘l kira haqlarini to‘lashda yo‘lovchilarga qulaylik va imtiyozlar yaratish maqsadida 6 ta yo‘nalish bo‘yicha yo‘l kira haqini avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi (ATTO) orqali to‘lov kartalari bilan to‘langanda 30 foizgacha chegirma joriy etilgan. Buning natijasida Termiz shahrida aholining jamoat transportidan foydalanish darajasi 21,5 foizga oshirilishiga erishildi. Qolaversa, avtobus oraliq bekatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning bekatga kirib-chiqishi uchun alohida yo‘laklar tashkil etilib, yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlar soni oshirildi. Bir qancha bekatlarda tadbirkorlar tomonidan real vaqt rejimini belgilovchi monitorlar o‘rnatilishi ta’minlanib, avtobuslarning bekatlarga kirib kelishi va to‘xtab turishi uchun xavfsizlik orol (karmashka) lari tashkil etildi.
Bugungi kunda Termiz shahriga Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan barcha qulayliklarga ega “Yutong” rusumli 108 dona zamonaviy avtobusni bank kreditlari asosida xarid qilish yuzasidan “Yutong” kompaniyasi rahbariyati bilan o‘zaro kelishuvlar amalga oshirilmoqda. Xarid qilinadigan yangi avtobuslar hisobiga joriy yilda Termiz shahrida jamoat transportida 8 ta yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchi tashish rejalashtirilgan.
SH.Qurbonazarov,
Transportni rivojlantirish sho‘basi boshlig‘i