SAMARALI HAMKORLIK MUVAFFAQIYAT GAROVIDIR

Date:

Uzluksiz taʼlimning bosh boʼgʼini boʼlgan maktabgacha taʼlim yosh avlod tarbiyasida muhim oʼrin tutadi. Tarbiya avvalambor oiladan, taʼlim-tarbiyaning birgalikda olib borilishi maktabgacha taʼlimdan boshlanadi. Tizimda taʼlim-tarbiya jarayonlarini rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi asosida tashkil etib, yosh avlodga milliy qadriyatlarga asoslangan taʼlimiy faoliyatlarni amalga oshirayotgan xalqaro tashkilotlardan birgina Mercy Corpsning amaliy ishlarini misol qilib olishimiz mumkin.
AQSh Qishloq Xo‘jaligi vazirligi (USDA) tomonidan moliyalashtirilayotgan O‘zbekistondagi “Bolalar ta’limi va ovqatlanishi” uchun MakGovern-Doul xalqaro oziq-ovqat dasturi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 294 dan ortiq davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kundalik oziq-ovqat, o‘quv materiallari bilan ta’minlash, pedagoglar va boshqa xodimlar salohiyatini oshirish, to‘g‘ri ovqatlanish va gigiyena qoidalarini targ‘ib qilish, shuningdek, qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish orqali bolalarning erta yoshda rivojlanishini yaxshilashga qaratilgan.
“Mehribonlik Korpusi” davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash orqali ta’lim-tarbiya muhitini takomillashtiradi. To‘g‘ri ovqatlanish va gigiyena haqida xabardorlikni oshirib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaydi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilarning erta savodxonlik ko‘nikmalarini yoshga mos materiallar bilan ta’minlash, pedagoglar malakasi va salohiyatini oshirish, oila va mahallada uy sharoitida o‘qish amaliyotini yaxshilash orqali rivojlantirishga xizmat qiladi.
Dastur doirasida 2024-yil so‘ngiga qadar Surxondaryo viloyatida qator natijalarga erishildi. DMTTlariga kitobxonlik burchaklari uchun kerakli materiallar taqdim etildi. Umumiy olganda 126 ta turdagi bolalar uchun mos jami 18 522 ta kitob, 294 kitob javoni, 147 ta gilam va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatildi. Hozirga qadar 8816 ta kitob 116 ta MTTda ota-onalar tomonidan bolalarga uyda o‘qish uchun tarqatildi.
O‘tgan bir yil ichida DMTT direktorlari uchun “Bolalarda erta savodxonlik va sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish bo‘yicha pedagoglar malakasini oshirishda mentorlikning ahamiyati” mavzusida seminar o‘tkazilib, rahbarlar ta’lim jarayonida ota-onalarni jalb etish strategiyalari va kuzatuvchi kengashning ish tamoyillari bilan tanishdilar. Pedagoglar uchun esa “Maktabgacha ta’lim asoslarini mustahkamlash: savodxonlik, ovqatlanish va oilaviy ishtirokni takomillashtirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi va pedagoglar yangi ta’lim metodlarini taqdim qildilar. Seminar va treninglarda malakali trenerlar tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Shuningdek, trenerlar Surxondaryo viloyatidagi 147 ta MTT dan 319 nafar pedagog xodimlar uchun viloyat darajasidagi treninglarni muvaffaqiyatli o‘tkazdilar. Hozirgi vaqtda trenerlar mentor sifatida pedagoglar bilan yaqindan hamkorlik qilib, ular bilan bolalarni o‘qitish ko‘nikmalarini rivojlantirish ustida mentorlik dasturini amalga oshirmoqdalar. Mentorlik dasturiga asosan barcha DMTTlarda ota-onalar hamkorligida tadbirlar, kitob yarmarkalari o‘tkazilmoqda.
Bolalarda erta savodxonlik ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida 147 ta DMTTda teatr tomoshalari tashkil etildi.
DMTT hamshiralarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-treninglar tashkil etildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti huzurida tashkil etilgan hamshiralarning malakasini oshirish simulyatsiya markazida dastur 3-bosqichiga kiritilgan DMTTlarning 25 nafar hamshiralari ham o‘quv treninglarida ta’lim oldilar. Termiz shahrida “Oshpazlar va xo‘jalik boshqaruvchilari uchun oziq-ovqat xavfsizligi mezonlari va bu borada amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish” mavzusida 16 soatlik treninglar o‘tkazildi.
Viloyatdagi 147 ta maqsadli DMTTlarga loyiha doirasida kungaboqar yog‘i, guruch, sariq bo‘lingan no‘xat va boyitilgan un kabi mahsulotlar taqdim etildi. Shuningdek, 198 ta maqsadli bo‘lmagan DMTTlarga kungaboqar yog‘i yetkazib berildi. Hozirgi vaqtda ushbu oziq-ovqat mahsulotlari oylik reja asosida har bir maqsadli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga taqsimlanmoqda.
1-bosqich bo‘yicha viloyatdagi 30 ta DMTTda ishlar to‘liq bajarildi. Umumiy ovqatlanish bo‘limlarini mebel va kerakli anjomlar bilan jihozlandi, 84 ta oshxona ta’mirlanib, oziq-ovqat polietilenidan suv saqlash uchun idishlari, elektr suv isitgichlari, yordamchi bino qurish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlari yotqizish ishlari amalga oshirildi.
Maktabgacha taʼlim sifati — uning xususiyatlari yaxlitligi, tarbiyalanuvchilarning ta’lim-tarbiya olishi va shaxsiy rivojlanishi uchun xizmat qiladigan eng qulay usullar birikuvidan iborat murakkab jarayondir. Biz yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda o‘zimizni Sharq olimlari, ota-bobalarimizni ta’lim-tarbiyada qo‘llagan metodlaridan oqilona foydalansak, xorij tajribasini o‘zimizni milliy tarbiyamizga mos tomonlarini ta’lim-tarbiya jarayonida targ‘ib qilsak, davlatimiz rahbari aytganlaridek, III renesans poydevorini yaratib, buyuk allomalarni yetishib chiqishiga, milliy qadriyatlarimizni saqlab, tarbiyada o‘zbek modelini dunyoga targ‘ib qilish imkoniga ega bo‘lamiz.

Robiya KATTAYEVA,
Mersi Korpus konsultanti

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ustozlik — taqdirim, mukofot esa sharafim”

O‘qituvchilik — bu kasb emas, bu taqdir. Har bir...

Birinchi saboq

Maktabda kirish qo‘ng‘irog‘i jiringlashi bilan sinfxonalarga bir-bir ko‘z yugurtirish...

Taraqqiyot poydevori

Jamiyat taraqqiyoti, inson tarbiyasiga, inson tarbiyasi esa ilk yoshdan...

GANDBOL OMMAVIYLASHMOQDA

O‘zbekistonda sport sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor bugun qanday samara...
KunTun
KunTun