Kadastr sohasida arxiv hujjatlaridan foydalanish xizmatlarni ko‘rsatishning asosi hisoblanadi. Sababi, kelib tushayotgan so‘rovlarning ijrosini taʼminlashda aynan kadastr yig‘majildiga murojaat qilinadi. Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va uning hududiy filiallari arxiv xonalarida Surxondaryo viloyati har bir qarich yer tarixi, aholi xonadonlarining o‘tmish hayoti aks etgan jami 597 829 ta kadastr yig‘majild hujjatlari saqlanadi. Shundan 451 154 ta turar joy obyekti, 44 549 ta noturar joy, kvartira 51 201 ta, bo‘sh yer maydoni 51 079 ta obyektlariga tegishli hujjatlardir, ko‘p qavatli uylar 1 873 ta. So‘nggi yillarda kadastr tizimining yuragi bo‘lgan arxiv yo‘nalishiga alohida eʼtibor qaratilib, sohani zamon talablari asosida yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Xususan, 2024-yil Davlat kadastrlari palatasida “Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish va ularning hisobini to‘g‘ri yuritishni yo‘lga qo‘yish yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan boshqarmaning tuman filiallari idoraviy arxivlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlarining mavjudlik holatini o‘rganish va raqamlashtirish amalga oshirildi.
Mazkur jarayonda har bir kadastr yig‘ma jildlarini raqamlash, muhrlash va nusxalangan hujjatlarni “Next Sloud” elektron tizimiga yuklash hamda barcha o‘rganilgan hujjatlarni namuna ilovasiga muvofiq to‘liq maʼlumotlarni kiritib, elektron ko‘rinishda saqlagan holda ishlar olib borildi. Natijada, o‘tgan yili 40 849 dan ortiq arxiv hujjatlari raqamlashtirilib, 54 777 ta hujjatlar tartiblashtirildi. Avvallari kadastr hujjatlari ko‘cha yoki mahalla kesimida joylashtirilgan bo‘lsa, hozirda qidiruv tizimi joriy etilib, bunda stellajlar raqami, polka raqami va hujjatlar raqamlanadi, bu esa hujjatlarni tezda topish imkoni yaratib beradi, Raqamlashtirish davrida qog‘ozlar bilan ishlash erinishdek tuyulishi mumkin. Lekin shunday hujjatlar borki, ularning asl nusxasini sifatli saqlab qolish juda muhim. Bu boradagi ishlarni samarali tashkil qilish maqsadida “Namunali arxiv” loyihasi doirasida Termiz, Bandixon va Oltinsoy tuman filiallarining idoraviy arxivlari qisqa muddat ichida har tomonlama zamonaviy arxivga aylantirildi.
Jumladan, arxiv xonasiga mobil stellajlar, yong‘indan xabarlash uchun tutunga ishlaydigan signalizatorlar, o‘t o‘chirish vositalari, videokuzatuv kameralari, namlikni va haroratni elektron o‘lchash vositalari joylashtirildi. Qog‘ozlarning to‘g‘ri saqlanishi va sifati buzilmasligi uchun maxsus ventilyatsiya tizimi o‘rnatildi. Begona shaxslarning kirishini cheklash va xavfsizlik nuqtayi nazaridan arxiv xonasiga barmoq izi va yuzni tanish tizimi (Fase-ID) orqali kirish yo‘lga qo‘yildi. Eng kuchli nazorat esa yong‘in xavfsizligiga qaratilgan. Temir stellajlarning ustunlik tomoni yong‘inga chidamli – olov o‘tkazmaydi. Yong‘in chiqqan vaqtida hujjatlarni boshqa joyga evakuatsiya qilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, yig‘iluvchan bu javonlar arxiv xonalarida 30-35 foizgacha qo‘shimcha joy yaratilishiga zamin yaratadi. Joriy yilda esa mazkur ezgu tashabbus davom ettirilib, Termiz shahar filialida ham “Namunaviy idoraviy arxiv” loyihasi amaliyotga tatbiq etilishi amalga oshirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, arxiv yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar nafaqat hujjatlarning xavfsiz saqlanishini, balki fuqarolarning uy-joy va yer mulklariga doir maʼlumotlarini himoya qilish bo‘yicha huquqlarini ham taʼminlayapti.
Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi Axborot xizmati

