Har qanday davlatning rivojlanishi adolatli boshqaruv va qonun ustuvorligiga bog‘liq. Korrupsiya esa bu jarayonlarga putur yetkazadi. Ayniqsa, ta’lim tizimidagi korrupsiya eng xavfli illatlardan biridir. U yosh avlodning bilim olish huquqini buzadi, iqtidor va mehnat emas, pul va tanish-bilishchilik orqali natijaga erishish kabi zararli odatlarni shakllantiradi.
Jamiyat taraqqiyotining asosiy ustunlaridan biri bu — ta’lim tizimidir. Ta’lim tizimining adolatli, shaffof va halol bo‘lishi esa mamlakatning kelajagi uchun nihoyatda muhimdir. Chunki aynan ta’lim sohasi orqali kelajak avlod tarbiyalanadi, yuksak bilim va ma’naviyatga ega insonlar shakllanadi. Agar ta’lim tizimida halollik tamoyillari ustuvor bo‘lsa, jamiyatda ham ishonch va taraqqiyot kuchayadi.
Birgina misol, bundan 7-8 yil avval oliygohlarga o‘qishga kirishda “tanish-bilishchilik” avj olgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lar edi. Afsuski, bilim va adolat ustun bo‘lishi kerak bo‘lgan bu sohada tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik kabi illatlar keng tarqalgan edi. Natijada, oliygohlarga chinakam bilim va salohiyatga ega bo‘lgan yoshlar emas, balki “o‘z odamlarini” kirita olganlar ustun kelardi. Bu jarayonning eng katta zarbasi esa, shubhasiz, jamiyatning o‘ziga tegdi. Chunki oliy ma’lumotli, lekin o‘z kasbining mohiyatini tushunmaydigan kadrlar ko‘paydi. Xususiy sektor bo‘ladimi, davlat boshqaruvi yoki ta’lim tizimi bo‘ladimi – har bir sohada bilim va mahoratdan ko‘ra “kimniki?” degan savol ustunlik qila boshladi. Bu esa iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda rivojlanishning sustlashishiga, ishonchsizlik muhitining shakllanishiga sabab bo‘ldi.

Lekin bugungi kunda vaziyat ancha o‘zgarmoqda. Oxirgi yillarda qabul jarayonlari shaffoflashtirildi, test sinovlari joriy qilindi, korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar kuchaytirildi. Eng muhimi, yoshlarning bilimga bo‘lgan ishonchi ortmoqda. Endi ko‘plab talabalar o‘z kuchi va mehnati bilan o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishyapti. Avval test topshirib, to‘plagan baliga qarab, keyin oliygohni tanlash tizimi joriy qilindi. Bu esa kelajakda malakali kadrlar yetishib chiqishiga umid bag‘ishlaydi.
Soha raqamlashdi, imtihonlar onlayn translyatsiya bo‘lyapti.
Bugun chin ma’noda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borilmoqda. Xususan, davlat idoralarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish hamda fuqarolar nazoratini kuchaytirish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Ammo bu kurash faqat hukumat yoki huquqni muhofaza qilish organlarining vazifasi emas. Korrupsiyaga qarshi kurash jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, yoshlar va o‘qituvchilarning ham mas’uliyatli yondashishini talab qiladi.
Talabalar va o‘qituvchilar korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy ishtirokchilaridan biri bo‘lishi lozim. O‘qituvchilar halol va vijdonan mehnat qilib, bilim va tajribalarini shogirdlariga yetkazishlari, talabalar esa faqat o‘z mehnatlari evaziga bilim va baho olishlari zarur. Agar ta’lim sohasida adolat ta’minlansa, jamiyatda malakali kadrlar shakllanadi va korrupsiya ildizi quriydi.
Jamshid NAZAROV