Eng to‘g‘ri savol

Date:

Bolakay o‘zining uchoyoqli velosipedida aylanib yurgan edi. O‘rindiqlardan birida o‘ksinib yig‘layotgan yosh ayolga hayron qarab qoldi. Keyin yoniga borib, sekingina so‘radi:
– Xolajon, sizga nima bo‘ldi? Nega yig‘layapsiz?
Ayolning ko‘zlari qizarib ketgan edi. Og‘ir “uh” tortgancha:
– Sen hali bu narsalarni tushunishga kichkinalik qilasan, – dedi va avvalgidan ham battar yig‘lab yubordi. Bolaning hayronligi ortdi, shoshilib savol berdi:
– Biror joyingiz og‘riyaptimi, xolajon? Agar sizga velosipedimni bersam, yig‘lamaysizmi?
Jajji bolakayning mehribonligidan ayol yanayam o‘ksinib ketdi, alam bilan dedi:
– Bolam-a, meni bu dunyoda hech kim yaxshi ko‘rmaydi. Hech kimga kerak emasman, hech kimga!
Bola birdan jiddiy tortdi:
– Sizga buni odamlarning o‘zi aytdimi? Siz xammadan so‘radingizmi?
Bu so‘roqdan ayol bir necha soniyadayoq o‘ziga keldi. Soddalik bilan bergan savolida bolaning o‘zi ham anglamagan haqiqat bor edi. Axir, hayot faqatgina bir kishining sevgisi, munosabatidan iborat emas-ku! Umriga mazmun bag‘ishlagan, farishtadek beg‘ubor farzandlari uni jonu dildan yaxshi ko‘rishlari yolg‘onmi? Juft kabutarday bir-biriga suyanib qolgan ota-onasining sevgisi yana kimda va qayerda bor? Atrofidagi shuncha ne’matni ko‘rmay, bir orsiz uchun qadrini to‘kib, yig‘lab o‘tirganidan uyalib ketdi. Ko‘zyoshlarini artdi, mayin jilmayib bolaning boshini silar ekan:
– To‘g‘ri aytding, o‘g‘lim, – dedi. – Hammadan so‘rashni unutibman, rahmat senga.
Bola “g‘alati xola”ning nima uchun rahmat aytgani, nimaga yig‘lagani-yu nima uchun kulganining ham ma’nosini tushunmadi. Bir muddat o‘ylanib turdi, keyin o‘ynayotgan o‘rtoqlarining yoniga ketdi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ustozlik — taqdirim, mukofot esa sharafim”

O‘qituvchilik — bu kasb emas, bu taqdir. Har bir...

Birinchi saboq

Maktabda kirish qo‘ng‘irog‘i jiringlashi bilan sinfxonalarga bir-bir ko‘z yugurtirish...

Taraqqiyot poydevori

Jamiyat taraqqiyoti, inson tarbiyasiga, inson tarbiyasi esa ilk yoshdan...

GANDBOL OMMAVIYLASHMOQDA

O‘zbekistonda sport sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor bugun qanday samara...
KunTun
KunTun